Advokatlar konferensiyasi

Poytaxtimizda Advokatlar palatasining navbatdagi konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Unda adliya vaziri Ruslanbek Davletov, shuningdek, respublikamiz hududlarida faoliyat yuritayotgan advokatlar orasidan 140 nafar delegat, parlament aʼzolari mahalliy va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. 
Kun tartibidagi asosiy masala sifatida Advokatlar palatasining 2013-2018 yillardagi faoliyati yakunlari boʻyicha hisobot tinglandi va istiqboldagi rejalar belgilab olindi.
Soʻnggi yillarda advokatura institutining inson huquq va erkinliklarini himoya qilishdagi rolini kuchaytirish va chinakam mustaqilligini taʼminlash boʻyicha olib borilgan ishlar, sohaga kiritilayotgan oʻzgartirishlar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, 2013 yil 27 sentyabr kuni II konferensiyada tasdiqlangan Advokatlar palatasining ustaviga bugungi kun talablari hamda amaldagi qonunchilik hujjatlariga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalardan kelib baʼzi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish masalasi ham koʻrib chiqildi.
Advokatlar palatasi III konferensiyasida Advokatlar palatasi boshqaruvi va taftish komissiyasi aʼzolari, shuningdek, Advokatlar palatasi raisi va uning oʻrinbosarlari saylandi.
Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining taqdimnomasiga binoan Palata raisi va uning oʻrinbosarlari saylanadi.
Konferensiyada advokatura toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini, advokatura institutining kasbiy birlashmasi boʻlgan Advokatlar palatasi va uning hududiy boshqarmalari hamda advokatlik tuzilmalari faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar bildirildi.

 

Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA