“Amerikacha” avtobuslar emas, avvalo taʼlim muassasiga issiqlik zarur…
Taʼlim kelajagimiz bilan bogʻliq boʻlgan jiddiy masala. Shu bois respublikamizda maktablarning binosidan tortib, oʻquv qurollari, eng soʻnggi inventarlar bilan taʼminlash, xalqaro tillarni oʻrgatishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Xususan, qish mavsumi uchun tayorgarlik ishlari ham olib borilib, oʻquvchilar issiq, shinam va yorugʻ xonalarda taʼlim olishyapti.
Fikrimizning isbotini koʻrish, ularga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi tomonidan Jizzax viloyati Baxmal tumani xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 66-sonli umumtaʼlim maktabida oʻrganish ishlari olib borildi. Muassasaning tashqi koʻrinishi koʻrgan koʻzni quvontiradi. 2 qavatli maktab binosida 501 nafar oʻquvchi ilm olmoqda. Maktabda tajribali pedagoglar shogirdlariga zarur bilimlarni belgilangan dars jadvali asosida oʻz vaqtida berib bormoqda. Biroq, bu tanganing bir tomoni…
Maktabda qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari toʻliq yakunlanmagan. Yagona isitish tizimi talabga javob bermaydi. Maktab direktorining taʼkidlashicha, “qop-qop koʻmir” mavsumga shay. Lekin uning sifatiga kelganda, koʻmir foydalanishga yaroqsiz… “Koʻmirning usti yaltiroq, xona ichidagi oʻquvchilar esa qaltiroq”. Ushbu dargohga bolalar bilim olgani keladi, ammo sovuq xonalardagi darslar ularning sogʻligʻiga qanday taʼsir oʻtkazadi?
Bir soʻz bilan aytganda, ularga “amerikacha” avtobuslar emas, avvalo taʼlim muassasiga issiqlik zarur.
OʻzA