“DOCA TOURS”dan yangi loyiha: “Oʻzbekiston – afsona va moʻjizalarga boy oʻlka!”

Samarqand shahrida faoliyat koʻrsatayotgan “DOCA TOURS” (“Oriental Discover Central Asia” MCHJ) sayyohlik firmasi “Oʻzbekiston – afsona va moʻjizalarga boy oʻlka!” deb nomlangan mamlakat miqyosdagi loyihani boshladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 22 dekabr kuni Parlamentga Murojaatida barcha sohalar singari turizmga ham alohida toʻxtalib, bu boradagi ishlarni rivojlantirish kelgusida yurtimiz istiqbolini belgilab beradigan muhim omil ekanligini taʼkidlab oʻtdi.
Darhaqiqat, turizm – har bir mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Yurtimizda ham mavjud imkoniyatlardan samarali foydalangan holda, ushbu tarmoqni yanada takomillashtirish lozim.
“Har bir turist ham investitsiya degani” – murojaatda yurtboshimiz aynan ushbu sohaga jiddiy yondashish lozimligini aytdi. Bu bejizga emas. Zero, yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar sonining oshishi mamlakatimiz iqtisodiyotiga katta daromad olib kelishi bilan birga, taraqqiyotning jadal suratlarda odimlashida ham gʻoyat ahamiyatlidir. Demak, bu borada turli innovatsion loyihalardan foydalangan holda yurtimizning boy sayyohlik salohiyatini namoyon qiladigan loyihalarni amalga oshirish vaqti keldi.
Aynan shu maqsadda Samarqand shahrida faoliyat koʻrsatayotgan “DOCA TOURS” (“Oriental Discover Central Asia” MCHJ) sayyohlik firmasi “Oʻzbekiston – afsona va moʻjizalarga boy oʻlka!” deb nomlangan mamlakat miqyosdagi loyihani boshladi.
Xabaringiz bor, bugungi kunda mamlakatimizga tashrif buyurayotgan xorijiy sayyohlar asosan Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Qoʻqon, Shahrisabz va Nukus shaharlaridagi mavjud tarixiy-meʼmoriy obidalar boʻylab sayohat qilishadi. Vaholanki, jannatmakon yurtimizning har bir qarich yeri tarixiy ahamiyatga ega.
Respublikamizning viloyat, shahar va tumanlari, qishloq va ovullarida nafaqat xorijiy sayyohlar, balki yurtimiz aholisi ham xabardor boʻlmagan (oʻsha hududlarda yashaydigan aholidan tashqari), muqaddas maskanlar, afsona va rivoyatlarga boy joylar juda koʻp. Bularga qutlugʻ qadamjolar, tepalik yoki ziyoratgoh, osori-atiqalar, umriboqiy daraxtlar, antiqa toshlar, gʻorlar, gʻayri oddiy kuchga ega boʻlgan buyum yoki predmet, shifobaxsh chashmalar, insonlar dardiga shifo topadigan, salomatligini tiklaydigan moʻjizaviy joylar, aziz-avliyolar qoʻnim topgan muqaddas goʻshalar, tarixda buyuk nom qoldirgan va hanuzga qadar shu nom bilan mangu atalib kelinayotgan hudud, qishloq va ovullarni misol keltirish mumkin. Aynan shunday maskanlar haqida maʼlumot yigʻilib, kitob holiga keltiriladi va ana shu joylar kelajakda turizm dislokatsiyasiga (yoʻnalishiga) kiritiladi. Bu esa kelgusida oʻsha hududlarda turizm investitsiyasi yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.
Maqolalar mualliflarining ism-familiyasi, shuningdek, loyihaga hissa qoʻshgan hokimliklar, OAV, internet nashrlari hamda boshqa hamkor tashkilotlar nomi beshta (oʻzbek, rus, ingliz, nemis va fransuz) tillarda chop etiladigan “Oʻzbekiston – afsona va moʻjizalarga boy oʻlka!” nomli fotoalbom shaklidagi kitobga kiritiladi. Ushbu kitob nafaqat respublikamizda, balki (“DOCA TOURS” sayyohlik firmasi shu bugunga qadar hamkorlikda faoliyat koʻrsatib kelayotgan xorijiy davlatlar) Germaniya, Shveysariya, Vengriya, Avstriya, Angliya, AQSH, Fransiya kabi dunyoning yetakchi mamlakatlarida ham targʻib qilinadi. Bu Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatini yanada oshirish va xorijiy sayyohlarni respublikamizning barcha turistik salohiyatga ega boʻlgan hududlari (xususan, eng chekka qishloq va ovullari)ga jalb etish imkoniyatini beradi.
Shunday ekan, vatanimiz rivoji va taraqqiyotiga oʻz hissasini qoʻshishni astoydil xohlovchi barcha yurtdoshlarimizdan ushbu loyihada faol ishtirok etishlarini soʻrab qolamiz.
(Maʼlumotlar https://www.facebook.com/oybek.ostanov www.oybekostanov.com/uz, http://doca-tours.com veb sayti shuningdek, +998973948607 telegram nomeri orqali qabul qilinadi).
Davron Jamolov,
“DOCA TOURS” sayyohlik firmasining 
matbuot va axborot xizmati mutaxassisi

 

OʻzA