Avstraliyalik marafonchi Orol dengizida!

18 noyabr kuni ertalab avstraliyalik marafonchi xonim Guli Yemma Serafina Lindsey (Guli Mina) Nukus shahridan Orol dengizi sari yugurib ketdi. Butun dunyo boʻylab 100 kun ichida 100 ta marafonni amalga oshirayotgan avstraliyalik xonimning maqsadi – dunyo hamjamiyati eʼtiborini suv muammosiga qaratishdir.
 
8b499ccb-552a-4538-adfb-aaafd7d6fdf7.jpg
– Men amalga oshirayotgan tadbir “Yuz marafon, Yuz kun, Bitta sabab: Suv” deb nomlanadi. Qoraqalpogʻistonga tashrifimdan maqsad bu Orol atrofida muammoni koʻrsatish emas, balki ushbu muammoni bartaraf qilishda odamlarning birlashayotganini koʻrsatish hamda butun dunyo hamjamiyatining shunga eʼtiborini jalb qilishdir, – deydi marafonchi Guli Mina. – Orol muammosini bartaraf qilishda xalqingiz tomonidan koʻp ishlar amalga oshirilgani meni mamnun qildi va men buni boshqalarga eʼlon qilish niyatim bor. Mening orzuim – butun dunyo ahli birlashib Sizlarga yordam berishi. Chunki, Orol muammosi nafaqat Orolboʻyi mintaqasi, balki butunjahon muammodir.
5021e8a1-ef99-4996-b707-1c7f6a7659da.jpg
Stokgolmdagi Global suv hamkorligi (GWP) tashkiloti hamda BMTning Taraqqiyot Dasturi hamkorligida oʻtkazilayotgan “Yuz marafon, Yuz kun, Bitta sabab: Suv” sport-targʻibot aksiyasi butun dunyo boʻylab oʻtkazilmoqda. Aksiya ijrochisi Guli Minaga shifokor, oshpaz, videoperator, fotograf, ekspeditsiya rahbari hamrohlik qilmoqda. Ular Oʻzbekistonda, Orolboʻyida ushbu tadbirni 7 kun davomida amalga oshiradi.
a7e077af-1a49-48b1-9633-6eb7e8202751.jpg
Mazkur tadbir joriy yil 4 noyabr kuni Nyu York shahridan boshlangan. Marafonchi har kuni 42,2 km masofani yugurib oʻtadi. Orol dengizigacha boʻlgan marafonni uyushtirishda Xalqaro Orolni qutqarish jamgʻarmasi agentligi hamkorlik qilmoqda.
ec95aa33-c010-4738-97f0-cf00d1a7e51e.jpg
Aksiya ishtirokchilari marafon davomida Moʻynoqdagi “Kemalar qabristoni”ga tashrif buyuradi, soʻng Uchsoy qishlogʻi orqali 160 km uzoqlab ketgan Gʻarbiy Orol sohillariga qaray yugurishni davom ettiradi. Qaytishda esa Moʻynoqdagi Daryooraligʻi suv saqlagichiga boradi. Marafonchining kelgusi safari Xitoy davlatida davom etadi.
Avstraliyalik marafonchi xonim Guli Yemma Serafina Lindsey Nukus shahrida marafon oldidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Musa Yerniyazov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining oʻrinbosari Baxitjan Sagыydullayevlar bilan uchrashdi.

 

Y. Qanoatov, M.Habibullayev (surat), OʻzA