18 NOYABR – OʻZBЕKISTON RЕSPUBLIKASINING
“DAVLAT BAYROGʻI TOʻGʻRISIDA”GI QONUNI
QABUL QILINGAN KUN
Videorolik manba: Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali
Davlat bayrogʻi Vatanimizning shaʼni, xalqimizning gʻururini yorqin aks ettirishi barchamizga iftixor baxsh etadi.
Davlatimiz suverenitetining ramzlaridan biri – mustaqil Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilinganligiga 27 yil toʻldi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991 yil 18 noyabrdagi navbatdan tashqari VII sessiyasida tasdiqlangan Davlat bayrogʻi – mamlakat davlat suverenitetining ramzi hisoblanib, u yer yuzining shu sarhadlarida mustaqil Oʻzbekiston davlati borligini anglatadi va oʻzida milliy-madaniy anʼanalarimizni mujassamlashtiradi.
Davlat bayrogʻimiz xalqaro maydonda, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi rasmiy delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga safarlari chogʻida, xalqaro tashkilotlarda, konferensiyalarda, jahon koʻrgazmalarida, sport musobaqalarida Oʻzbekiston Respublikasining timsoli boʻlib kelmoqda.
Bayrogʻimiz oʻzida butun Oʻzbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, gʻayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondoʻstlikni mujassam etgan. Milliy bayrogʻimizning davlat idora va muassasalari, oʻquv yurtlari, Oʻzbekiston aʼzo boʻlgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turishi, turli bayram va tantanalarda, mamlakatimiz vakillari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-maʼrifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning shaʼni, xalqimizning gʻururini yorqin aks ettirishi barchamizga iftixor baxsh etadi.
O’zA