Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida Oliy Majlis Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi.
Unda “Maʼmuriy qamoqni oʻtash tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni ijrosini taʼminlash maqsadida maxsus qabulxonalar qurilishi va oʻz vaqtida ishga tushirilishi holatini oʻrganish natijalari muhokama etildi.
Taʼkidlanganidek, “Maʼmuriy qamoqni oʻtash tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni 2019 yilning 10 yanvaridan kuchga kirishi belgilangan. Unga qadar respublikamizning barcha mintaqalarida maxsus qabulxonalarni qonun talablariga mos ravishda qurish va rekonstruksiya qilish hamda ularni tayyor holatga keltirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilingan. Ushbu qaror bilan 2017-2019 yillarda maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun maxsus qabulxonalarni qurish va rekonstruksiya qilish Dasturi tasdiqlangan.
Qoʻmita tomonidan olib borilgan oʻrganish natijalari shuni koʻrsatdiki, bugungi kunga qadar maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar Toshkent shahri, Toshkent, Namangan viloyatlarida bittadan va Samarqand viloyatlarida umumiy sigʻimi 268 kishidan iborat 5 maxsus qabulxonlarda, maxsus qabulxonalar boʻlmagan hududlarda esa vaqtincha saqlash hibsxonalarining maʼmuriy kameralarida (maxsus ajratilgan 380 kishilik sigʻimga ega boʻlgan 95 kamerada) saqlanib kelinmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi qarori va boshqa hujjatlarda qonun ijrosi boʻyicha mutasaddi idoralarga aniq vazifalar yuklatilgan boʻlsa-da, ayrim tashkilotlar bu vazifalarni amalga oshirishni paysalga solmoqda.
Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan yangidan boshlanuvchi loyihalar boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va kelishish ishlari kechiktirilishi natijasida maxsus qabulxonalar binolarini qurish ishlari yakuniga yetkazilmagan. Shu kunga qadar maxsus qabulxonalarni qurish ishlari Namangan viloyatida 80 foiz, Fargʻona viloyatida 70 foiz, Andijon viloyatida 50 foiz, Jizzax viloyatida 40 foiz, Toshkent shahri va Buxoro viloyatida 30 foiz, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Qashqadaryo viloyatida 25 foiz, Navoiy viloyatida 15 foiz, Toshkent viloyatida 10 foizga bajarilgan.
Majlisda taʼkidlanganidek, Vazirlar Mahkamasining chora-tadbirlar rejasiga asosan qonunni amalga oshirish boʻyicha 12 normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilishi belgilangan. Mazkur reja asosida Ichki ishlar vazirligi tomonidan 10 normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilib, belgilangan tartibda tasdiqlangan va ijroga qaratilgan boʻlsa-da, rejaning tegishli bandlarida belgilangan maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlashning sanitariya qoidalari, normalari, gigiyena normativlarini tasdiqlash toʻgʻrisida va boshqa hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilmagan.
Bundan tashqari, hozirgi kunga qadar respublikamizning barcha mintaqalarida maxsus qabulxonalarni qurish ishlariga alohida eʼtibor qaratilayotgan boʻlsa-da, ushbu muassasalarda xizmat olib boradigan xodimlar shtat birliklarini tasdiqlash va belgilangan tartibda jamlash masalasi ochiq qolmoqda.
Majlisda oʻrganishlar jarayonida aniqlangan shu kabi kamchiliklar atroflicha muhokama qilinib, ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar ilgari surildi.
Muhokamalar yakuni yuzasidan maxsus qabulxonalar qurilishi va oʻz vaqtida ishga tushirilishi bilan bogʻliq kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha qoʻmita qarori qabul qilindi.
Nurillo Nasriyev, OʻzA