Jizzaxda pullik avtotrassa quriladi(mi?)

Jizzax viloyati hokimligiga Italiya Respublikasining “Todini Costruzioni Generali” kompaniyasining delegatsiyasi tashrif buyurdi.
“Todini Costruzioni Generali” kompaniyasi delegatsiyasining viloyatga tashrifidan koʻzlangan maqsad Toshkent – Samarqand avtomobil yoʻli yoʻnalishi boʻlgan M-39 trassa yonidan alohida pullik trassa barpo etish taklifi berishdan iborat boʻldi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Delegatsiya aʼzolarini viloyat hokimligining investitsiya kotibiyatidan K.Muxiddinov, “Jizzaxavtoyoʻl” aksiyadorlik birlashmasi raisi R.Xoliqov, viloyat yer resurslari va davlat kadastr boshqarmasi boshligʻi I.Ergashev kutib olib, muloqot qilishdi.
Uchrashuvda “Todini Costruzioni Generali” kompaniyasi boshqaruv raisi Vedad Zaymovich Toshkent – Samarqand avtomobil yoʻli yoʻnalishi boʻlgan M-39 trassa yonidan alohida pullik xizmat koʻrsatuvchi trassa barpo etish boʻyicha taklifi borligi hamda viloyatning yoʻl infratuzilmasi bilan tanishish niyatida ekanini aytib oʻtgan.
Darhaqiqat, Respublikamizdagi barcha yoʻllar tutashuvi aynan Jizzax viloyatida yagona yoʻlga kelib qoʻshilishi, natijada M-39 trassa qatnovidan bir sutkada qariyb 37 mingdan ortiq avtomashina qatnovi yuzaga keladi.

 

I.Avvalboyev, OʻzA