Kitoblar ekspertizadan oʻtkazilishi taklif etilmoqda

Maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarga moʻljallangan kitoblar ekspertizadan oʻtkazib, keyin chop etish taklif etilmoqda. Bu haqda ayni daqiqalarda poytaxtimizda oʻtkazilayotgan “Noshirlik ishi:kitobxonlarning badiiy-uslubiy saviyasi, kitobxon ehtiyojini qondirish borasida taklif va tavsiyalarʼʼ mavzusida oʻtkazilayotgan amaliy konferensiyada Matbuot va axborot agentligi rahbari Laziz Tangriyev aytib oʻtdi. 
Uning qayd etishicha, keyingi vaqtlarda agentlik tomonidan oʻtkazilgan monitoring natijalariga koʻra, bolalar adabiyotida nafaqat uslubiy, imloviy balki gʻoyaviy xatolar koʻpaygan.
“Aytaylik, ertaklarda ”Ona bolani yedi yoki bola onani yeb qoʻydi“ kabi holatlar boʻlgan toʻplamlar uchramoqda”, dedi Tangriyev.
Tadbirda soʻzga chiqqan Sharq matbaa konserni rahbari Ahror Ahmedov esa nashriyot xodimlarini malakasiga toʻxtalib oʻtib, keyingi yillarda kadrlar masalasi jiddiy tus olganini qayd etdi.
“Masalan, bizning nashriyotga xodimlarning oʻrtacha yoshi 56 yoshni tashkil etmoqda. Yosh kadrlar kam. Universitetlarda maxsus boʻlimlar orqali tahsil olishni yoʻlga qoʻyish kerak”, deydi Ahror Ahmedov.

 

OʻzA