Yurtimizning har bir hududida Prezident maktablari tashkil etiladi

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahrida boʻlib oʻtayotgan uchrashuvda maʼlum qildi.
“Mamlakatimizni yangi taraqqiyot bosqichiga koʻtarishni oʻz oldimizga ustuvor vazifa qilib qoʻygan ekanmiz, buni amalga oshirish uchun bizga, eng avvalo, yangi avlod kadrlari kerak. Ana shunday yuksak salohiyatli kadrlarni tarbiyalash maqsadida yurtimizning har bir hududida bittadan yangi tipdagi maktablar – Prezident maktablarini tashkil etishni rejalashtirganmiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari bu ishni Qoraqalpogʻistondan, Nukus shahridan boshlashni taklif qildi. Taklifni barcha katta xursandchilik bilan qoʻllab-quvvatlagach, Prezidentimiz soha mutasaddilariga bu boʻyicha topshiriqlar berdi.
Kelgusi yili Qoraqalpogʻistonda 2 ming 400 oʻrinli 7 ta maktab qurilishi, maktabgacha taʼlim va sogʻlikni saqlash tizimlaridagi ishlar izchil davom ettirilishi qayd etildi.
Uchrashuvda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashi aʼzolari, shahar va tumanlar hokimlari, sektorlar rahbarlari ishtirok etmoqda. Videoselektor orqali uni shahar va tumanlarda keng jamoatchilik vakillari kuzatib bormoqda.

 

OʻzA