Qoraqalpogʻistonning milliy qadriyatlari

Nukus shahrida “Qoraqalpogʻistonning milliy qadriyatlari” mavzusida xalq amaliy sanʼati va milliy hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazma-savdosi oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpogʻistondagi xalq hunarmandchiligi va amaliy sanʼati keng ommaga namoyish qilindi va shu yerda mohir usta-hunarmandlar tomonidan mahorat darslari oʻtkazildi.

– Prezidentimizning 2017-yil 17-noyabrda imzolangan “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi farmoni soha rivojida katta turtki boʻldi, – deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi boshligʻi Dilfuza Allambergenova. – Ushbu hujjat eʼlon qilingunga qadar Qoraqalpogʻistonda 330 nafar hunarmand uyushmaga aʼzo boʻlgan boʻlsa, hozirda aʼzolar soni 900 dan ortdi. Hunarmandchilikni rivojlantirish orqali hududda joriy yilda 1 ming 500 ga yaqin yangi ish oʻrni yaratildi. Uyushma huzurida 600 dan ortiq shogirdlar roʻyxatdan oʻtib, ish boshlagan. Talabgorlar soni koʻpaymoqda.

Qoraqalpogʻistonlik usta-hunarmandlarning mahsulotlari xorijliklarda ham katta qiziqish uygʻotayotgani eʼtiborga molik. Xususan, Singapur davlatida qoraqalpoq oʻtovlariga, Yevropada suvenir oʻyinchoqlar, milliy gilamchilik sanʼatiga qiziqish ortmoqda.

Hamkorlik samarasi oʻlaroq, Qozogʻiston poytaxti Ostona shahridagi supermarketlardan birida qoraqalpogʻistonlik hunarmandlar uchun katta savdo maydoni ajratildi. Joriy yilda Qoraqalpogʻistonda qariyb 9 milliard soʻm kredit evaziga hunarmandchilik doirasida 203 loyiha amalga oshirildi.

9.JPG

 

Yesimxon Qanoatov, Maqsad Habibullayev (surat), OʻzA