Mustaqil Oʻzbekistonning birinchi mudofaa vaziri 75 yoshga toʻldi. Shavkat Mirziyoyev yubiley egasini orden bilan mukofotladi

Bugun, 10 noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasining birinchi mudofaa vaziri, isteʼfodagi general-polkovnik Rustam Axmedov 75 yoshni qarshiladi. Yubiley munosabati bilan Mudofaa vazirligi markaziy apparatida tantanali marosim boʻlib oʻtdi.

Bayram tadbirida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yoʻllangan tabrik maktubini Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov oʻqib eshittirdi.

ABBM7080-2.jpg
Shuningdek, isteʼfodagi general-polkovnik Rustam Axmedov Oʻzbekistonda yashayotgan barcha millat va elatlar vakillari oʻrtasida doʻstlik, oʻzaro hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlash ishida erishgan katta yutuqlari, Oʻzbekiston xalqining boshqa mamlakatlar xalqlari bilan doʻstlik va har taraflama hamkorligini rivojlantirganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlandi.
IMG_1709-2.jpg
Tadbirda Oʻzbekiston mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov ham soʻzga chiqib, Rustam Ahmedovning oʻzbek xalqi va Oʻzbekiston oldidagi eng buyuk xizmatlarini, jumladan, milliy armiyani yaratish va uni saqlab qolishdagi ulkan mehnatini alohida eʼtirof etib, mustaqil Oʻzbekistonning birinchi mudofaa vazirini tabrikladi. Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari faxri boʻlgan ustozga Mudofaa vazirligining esdalik sovgʻalarini topshirdi.
IMG_1722-2.jpg
Tantanali marosimda MDHga aʼzo mamlakatlardan vakillar, jumladan, Rossiya Federatsiyasidan isteʼfodagi general-leytenant Gennadiy Borisov, Qirgʻiziston Respublikasidan isteʼfodagi general-mayor Risbek Mirzamatov, polkovnik Janibek Kaparov hamda polkovnik Erkin Osmanov ishtirok etib, yubiley egasini qutlugʻ 75 yosh bilan muborakbod etdilar.
IMG_2804.JPG
“Bugungi bayram uchun barchaga chuqur minnatdorchiligimni bildiraman. Yoshlarning, jumladan, harbiylarning maʼnaviy salohiyatini oshirish, ularga zamon talablariga mos bilim va koʻnikmalarni berish, biz kabi isteʼfodagi harbiylarga Vatanimiz manfaatlari uchun yana xizmat qilish imkoniyatini yaratib berayotgan muhtaram Prezidentimizga rahmat aytib qolaman. Bugun menga topshirilgan “Doʻstlik” ordeni biz, faxriylarga berilayotgan yuksak eʼtiborning namunasidir. Men bundan juda ham hursandman”, — deya oʻz minnatdorchiligini bildirdi Rustam Axmedov.

Ana shunday bayram tadbiri Qurolli Kuchlar davlat muzeyida ham oʻtkazildi.

Rustam Oʻrmanovich Axmedov 1943 yilda Fargʻona viloyatining Bogʻdod tumanida tugʻilgan. Qoʻqon shahridagi Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish va elektrifikatsiyalash texnikumini tamomlagan. 1962—1965 yillar davomida Toshkent oliy tank qoʻmondonlik bilim yurtida tahsil olgan.

Xizmat faoliyati davomida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari boʻyicha vazir — milliy gvardiya qoʻmondoni (1991 yil), Oʻzbekiston mudofaa vaziri (1992—1997 yy.), Oʻzbekiston favqulodda vaziyatlar vaziri (1997—1998 yy.) lavozimlarida xizmat qilgan.

2018 yilning yanvar oyida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoniga asosan, mudofaa vazirining maslahatchisi etib tayinlangan va hozirgi kunda ushbu lavozimda faoliyat koʻrsatmoqda.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati