Jahon moliya tizimini monitoring qiluvchi institut – Xalqaro valyuta jamgʻarmasining istalgan mamlakatdagi moliyaviy-iqtisodiy vaziyat haqida taqdim etgan axboroti jahon hamjamiyati tomonidan haqqoniy va xolis, deb qabul qilinadi.
Mazkur jamgʻarmaning Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari iqtisodiyoti tahliliga bagʻishlangan navbatdagi taqdimoti 9-noyabr kuni Toshkentda oʻtkazildi.
Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan “Orient Finans Bank” koʻmagida tashkil etilgan tadbirda tegishli vazirlik va idoralar, bank-moliya institutlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Xalqaro valyuta jamgʻarmasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha departamenti direktori oʻrinbosari Yuxa Kyaxkonen oʻtkazgan taqdimotdagi tahlil va prognozlarga koʻra, bugungi kunda jahon iqtisodiy oʻsish surʼatlari sekinlashgan. Soʻnggi paytlarda kuzatilayotgan xomashyo narxlarining oshishi vaqtinchalik holat, u istiqbolda yana pastlay boshlaydi. Misol uchun, joriy yilda oltin va boshqa metallar narxlari oʻtgan yillarga nisbatan bir necha foizga kamaygan.
Yuxa Kyaxkonenning qoʻshimcha qilishicha, Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari iqtisodiyoti koʻp sonli va oʻzaro bogʻliq xatarlar bilan ham toʻqnash kelmoqda. Xomashyo narxining qimmatligi, savdo va cheklovlardagi taranglik, qiyin moliyaviy sharoit shular jumlasidandir. Natijada pul-kredit siyosati kun tartibiga murakkab masalalar chiqib, byudjet xatarlari koʻpaymoqda. Xususan, davlatning umumiy qarzlari miqdori oshmoqda.
– Oʻzbekiston iqtisodiy taraqqiyoti tashqi omillardan koʻra koʻproq oʻziga bogʻliq mintaqadagi yagona mamlakat boʻlib turibdi, – dedi Yu.Kyaxkonen. – Mamlakatingizda iqtisodiy transformatsiya jarayoni kechmoqda. Yaʼni monetar siyosatga ijobiy oʻzgarishlar kiritildi, narxlar erkinlashtirilmoqda, soliq tizimi qayta isloh etildi, tadbirkorlik faoliyati qoʻllab-quvvatlanmoqda, ularga soliq va bojxona masalalarida imtiyozlar berilmoqda. Bularning barchasi mamlakatingiz iqtisodiy oʻsish surʼatlariga ijobiy taʼsir etadi. Misol uchun, joriy yilda oʻsish koʻrsatkichi 5, 2019-yildan 6 foizga oshishi kutilmoqda.
Xalqaro valyuta jamgʻarmasi xulosasiga koʻra, Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari inklyuziv iqtisodiy oʻsishda ijobiy natijalarga erishgan, ammo prognoz qilinayotgan yaqin istiqboldagi oʻsish surʼati bilan hayot darajasini yaxshilash uchun mintaqaga 20 yil kerak boʻladi.
Tadbirda mintaqadagi boshqa mamlakatlar bilan solishtirganda Oʻzbekistonda iqtisodiy soha faol isloh etilayotgani taʼkidlandi. Xalqaro valyuta jamgʻarmasi tomonidan bu jarayonni qoʻllab-quvvatlashga tayyorlik bildirildi.
Monetar siyosatda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki yetakchi vazifani bajaradi. Ayni vaqtda mamlakatimizda narxlarni erkinlashtirish boʻyicha harakat boshlangan. Bunday sharoitda inflyatsiya darajasi tez oʻsish ehtimoli boʻladi. Shu bois Markaziy bank inflyatsiya nazoratini ushlab turish borasida faol choralar koʻrayotir. Xususan, sentyabr oyida qayta moliyalash stavkasini oshirish boʻyicha qaror qabul qilindi.
Taqdimot doirasida Xalqaro valyuta jamgʻarmasi tomonidan mamlakatimizda inflyatsiyaning oldini olish boʻyicha tavsiyalar berildi.
– Byudjet xarajatlarining haddan tashqari oshib ketishiga yoʻl qoʻymaslik va monetar siyosatni qatʼiylashtirib borishni oʻz ichiga olgan bu tavsiyalar muhim ahamiyatga ega, – dedi Oʻzbekiston Markaziy banki raisi oʻrinbosari Ilhom Norqulov. – Asosiy vazifamiz inflyatsiya past darajada boʻlishini saqlab turishdan iborat. Ammo narxlarning erkinlashtirilishi inflyatsiyaning oʻsishiga sabab boʻlishi mumkin. Shundan kelib chiqib, biz monetar siyosatni olib borishda maksimal darajada pul-kredit sharoitlarini qatʼiylashtirib, inflyatsiya darajasini pasaytirib boramiz.