Mamlakatimizda hunarmandlar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanmoqda. Ularga turli imtiyozlar berilishi milliy hunarmandlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilayotir.
Davlatimiz rahbarining 2018-yil 1-noyabrdagi “Xalqaro hunarmandchilik festivalini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori bu ezgu ishlarning uzviy davomi boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi raisi Ulugʻbek ABDULLAYEV Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi muxbiriga mazkur qaror asosida oʻtkazilishi rejalashtirilgan festival haqida gapirib berdi.
– Bugungi kunda mamlakatimizda hunarmandchilikning oʻttizdan ortiq yoʻnalishida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar yurtimiz va xorijiy davlatlarda oʻtkazilayotgan xalqaro koʻrgazmalarda muvaffaqiyat qozonayotgani sir emas.
Davlatimiz rahbarining mazkur qarori milliy hunarmandchilik turlarini, xalq badiiy-amaliy sanʼatini rivojlantirish, qoʻli gul hunarmandlarni qoʻllab-quvvatlash va mehnati mahsullarini keng targʻib etishda dolzarb ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Fargʻona vodiysi – usta hunarmandlar yurti. Shu jihatdan ham mazkur festivalning har ikki yilda bir marta Qoʻqon shahrida oʻtkazilishi bejiz emas.
Fargʻona viloyatida hunarmandchilikning barcha yoʻnalishlari boʻyicha qariyb 4 ming nafar hunarmand faoliyat olib borayotir. Ular orasida oʻz maktabiga ega, mamlakatimiz va xalqaro miqyosda oʻtkaziladigan koʻrgazma va festivallar ishtirokchilari, davlat mukofotlari sohiblari bor. Viloyatning Rishton tumanida kulolchilik, Margʻilon shahrida ipak matolar ishlab chiqarish, Qoʻqonda kandakorlik, pichoqchilik yoʻnalishi keng rivojlangan.
Qoʻqon shahridagi markaziy maydon atrofida tashkil etiladigan festivalda turli koʻrgazmalar, qadimiy hunarmandchilik dastgohlari va mahsulotlarini yaratish jarayonlari namoyishi, hunarmandchilikka oid badiiy va hujjatli filmlar koʻrigi, kitoblar, albomlar, fotosuratlar sotuvi uyushtirilishi, shubhasiz, tadbir qatnashchilari uchun amaliy targʻibot vositasi boʻlib xizmat qiladi. Festival yosh avlodda ota-bobolari hunaridan faxrlanish, ular ishini davom ettirishga ragʻbat tuygʻusini uygʻotadi, degan umiddamiz. Tadbir doirasida milliy liboslar koʻrgazmasi oʻtkazilishi, askiya va qiziqchilar, folklor va dorbozlik jamoalarining chiqishlari bayram shukuhini yanada oshiradi.
Qarorga koʻra, mazkur festival turizm kalendar-rejasiga kiritilib, xorijiy sayyohlar anjumanga jalb etiladi. Bu, oʻz navbatida, yurtimiz turizm salohiyatining yanada oshishiga, sayyohlar tashrifining kengayishiga xizmat qiladi. Shuningdek, ushbu xalqaro tadbir avloddan avlodga oʻtib kelayotgan milliy hunarmandchilik sohasida tajriba almashish, doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlash kabi ezgu maqsadlar yoʻlidagi qutlugʻ qadam boʻladi.
Anjumanning sentyabr oyida oʻtkazilishi iqlimiy va iqtisodiy jihatdan qulay vaqtga toʻgʻri keladi. Jumladan, bu oyda xorijlik mehmon va sayyohlar tashrifi koʻpayib, vodiyda meva-sabzavotlar gʻarq pishgan, ob-havo esa moʻtadil boʻladi.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, mazkur festival mamlakatimizning tarixiy va madaniy shaharlari – Buxoro, Samarqand, Xiva, Toshkent, Shahrisabz kabi Qoʻqonda ham hunarmandchilikning noyob turlari saqlanib qolinishiga, ustalar mehnati xalqaro miqyosda yana ham eʼtirof etilishiga zamin yaratadi.