Feyklar, dezinformatsiya va raqamli maʼlumotlar davri – YEXHT jurnalistika kelajagi haqida

Shu yil 7-8 noyabr kunlari Ostona shahrida “Jurnalistika kelajagi“ mavzusida yigirmanchi YEXHT Markaziy Osiyo konferensiyasi boʻlib oʻtdi.

Konferensiya kun tartibidan raqamli maʼlumotlar davrida axborot sifati va jurnalistika kelajagi, dezinformatsiya va unga qarshi kurash yoʻllari, foydalanuvchilar kontentining oʻziga xos jihatlari va ommalashtirish xatarlari, faktcheking va mediasavodxonlik feyklarga qarshi universal qurol sifatida, shuningdek, yolgʻon maʼlumotlar keng tarqalayotgan zamonda sifatli jurnalistika standartlari kabi mavzular oʻrin olgan.

Soʻzga chiqqanlar tobora ortib borayotgan raqamlashtirish munosabati bilan mushtarak mavzular boʻlishi muhimligini qayd etdi. Taʼkidlanganidek, internet barchaning soʻnggi maʼlumotlardan xabardor boʻlishi uchun ulkan qulayliklar taqdim etib qolmay, uning auditoriyasi uchun ham axborot yaratish va tarqatish imkonini bermoqda. Biroq, yangi axborot ekotizimida yolgʻon xabarlar koʻpayayotgani jiddiy xatarga aylanib, faktlar bilan ishlashda jurnalistikaning professionallik darajasi masalasining dolzarb ahamiyatini keltirib chiqardi va faktlarni tekshirish koʻnikmasini takomillashtirishni taqozo etmoqda.

Salford universiteti xalqaro jurnalistika boʻyicha magistrlik dasturi rahbari Marek Bekerman (Buyuk Britaniya) yolgʻon xabarlar manipulyatsiya quroliga aylanib borayotgani va ularga qarshi kurash uchun feyklarga qarshi oʻziga xos samarali “dori“ hisoblangan faktcheking ustida ishlash kerak, deb hisoblaydi. Fikrini davom ettirar ekan, u yolgʻon xabar tarqatishga qarshi universal vosita mavjud emasligi, har bir tuzilma oʻz chora-tadbirlarini amalga oshirayotgani va jurnalistika sifatini oshirish yoʻlida mehnat qilish lozimligini taʼkidlab oʻtdi.

– Yolgʻon xabarlar fenomeni – bu aysberg yuqorisi boʻlib, uning pastki qismida boshqa muammolar ham yashiringan. “Feyk” soʻzi – nafaqat professionallik masalasi, u allaqachon siyosiy tus olgan, shu munosabat bilan Buyuk Britaniya hukumati rasmiy hujjatlarda “yolgʻon xabarlar“ degan tushunchadan foydalanishni taqiqladi, – dedi Marek Bekerman.

Ijtimoiy tarmoqlar feyklarni tarqatish kanallaridan biri hisoblanadi. Social medianing tobora ortib borayotgan roli va taʼsiri haqida soʻzlar ekan, maʼruzachilar jurnalistlarning ijtimoiy tarmoqlarda ishlash tamoyillarini qayd etdi. Birinchidan, bu ijtimoiy mediadan akkaunt egalari oʻz fikrlarini bildirish manbai sifatida foydalanadi. Ikkinchidan, u nashrlarda foydalanish uchun jamoatchilik fikrini oʻrganish uchun maydonchadir. Uchinchidan, bu jurnalist tekshiruvi oʻtkazish uchun muhokamalar va axborot tizgini monitoringi uchun quroldir.

Konferensiya davomida tartibga solish yoʻllari mavjud emasligi sababli anchayin jiddiy xavfga aylanib borayotgan “deep-fakes” (sunʼiy idrok texnologiyalarini qoʻllagan holda axborot, foto va videolarni qalbakilashtirish) holatlari muhokamalar markazida boʻldi. Ushbu texnologiyalardan foydalangan holda, axborot hujumlariga ayrim davlat rahbarlari ham uchradi va bu mulohaza uchun jiddiy mavzudir.

Hozirgi vaqtda feyklarning keng tarqalishi bilan bogʻliq holatlar professional jurnalistikaga rahna solayotgan xatarlardan. Biroq bu masalani hal etish uchun faqat jurnalistikaga eʼtibor qaratish yetarli emas, umuman olganda faktchekingni aholi media va axborot savodxonligining tayanch unsuri sifatida koʻrib chiqish zarur.

Konferensiya chogʻida muhokama etilgan mavzular doirasida ekspertlar feyklarga qarshi kurash sohasida turli mamlakatlar tajribasi bilan oʻrtoqlashdi. Masalan, norvegiyalik jurnalist Tore Bergsaker feyklarni oshkor qilish ustida ishlayotgan bir qancha OAVlar hamkorligida amalga oshirilayotgan Faktisk loyihasi haqida soʻzladi.

Konferensiyaning alohida sessiyalarida Oʻzbekiston, Turkmaniston, Tojikiston, Qozogʻiston, Moʻgʻuliston vakillari ishtirok etib, oʻz mamlakatlari misolida feyklar bilan ishlash qay tarzda olib borilayotgani, jurnalistika sifatini qonunchilik, axloqiy, tadqiqiy va amaliy jihatdan oshirish haqida soʻz yuritdi.

Oʻzbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi direktori G.Bobojonova taʼkidlaganidek, feyklarga qarshi kurashda jurnalistlar avvalo axborotni tekshirishi, muqobil manbalar izlashi va tezkorlik ketidan quvib aniqlikni xavf ostiga qoʻymasligi kerak. Faktcheking va axborot manbalarini tekshirish uchun jurnalistlar professionallik darajasini, ularning koʻplab multimediya platformalaridan foydalanish boʻyicha malakasini oshirish unga erishish yoʻllaridan biridir. OAVni tartibga solishni kuchaytirish yana bir muhim vosita boʻlib, bu jurnalistlarning jamiyat oldidagi masʼuliyatini sezilarli darajada oshirish va ularning oʻz faoliyatida odob-axloq meʼyorlariga rioya etishi uchun zamin yaratadi.

– Oʻzbekistonda OAVni tartibga solishni yanada rivojlantirish uchun shu kunlarda joriy yil yakunida jurnalistlar hamjamiyati tomonidan qabul qilinishi koʻzda tutilayotgan jurnalistlar milliy axloq kodeksi muhokamasi boʻlib oʻtdi. Shuningdek, mamlakatimizda Media-ombudsman faoliyatini yoʻlga qoʻyish masalasi koʻrib chiqilmoqda. Bu ham, oʻz navbatida, OAVda feyk va dezinformatsiyaga qarshi kurashda muhim oʻrin tutib, milliy OAVni sifat jihatdan yuksak darajaga koʻtaradi, – dedi G.Bobojonova.

Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi boʻlim boshligʻi A.Kan oʻz chiqishida Oʻzbekistonda soʻnggi ikki yil ichida soʻz erkinligini taʼminlash borasida ulkan oʻzgarishlar amalga oshirilganini qayd etdi. Qonunchilik sohasidagi oʻzgarishlar, OAVni roʻyxatga olish sohasidagi qator ishlar, roʻyxatdan oʻtkazish jarayonining byurokratik toʻsiqlarga barham beruvchi elektron shaklga oʻtkazilishi taʼkidlandi. Mamlakatimiz boʻylab faoliyat yurituvchi va hukumatni jamiyatdagi mavjud muammolardan xabardor qilishga qaratilgan Prezident va davlat organlari rahbarlarining virtual qabulxonalari ijobiy namuna sifatida eʼtirof etildi. Shu munosabat bilan davlat organlariga kelib tushgan har bir murojaatni oʻrganish vazifasi yuklatilgan boʻlib, bunday islohotlar bugungi kunda asosiy vazifasi zamon bilan hamnafas boʻlish boʻlgan hukumat uchun oshkoralik masalasining dolzarbligi hisoblanishi shubhasiz.

– Milliy axborot resurslari oʻsish va rivojlanish davrini boshidan kechirayotgan bir paytda jurnalistlar malakasini oshirish ushbu sohadagi ishlarning alohida yoʻnalishi hisoblanadi, – dedi A.Kan. – Oʻzbekistonda OAV sohasi yaxlitligini taʼminlash va uni islohotlar bilan yanada keng qamrab olish uchun yosh kadrlar tayyorlash masalasi ham dolzarb. Shundan kelib chiqib, 2018 yil may oyida alohida oliy taʼlim muassasasi – Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etildi. Unda bakalavriat va magistratura yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Anjuman davomida oʻz-oʻzini tartibga solish sohasida turli mamlakatlar oʻrtasida tajriba almashildi, bu yoʻnalishdagi ishlarni takomillashtirish va davom ettirish maqsadga muvofiq. Bugun oʻz-oʻzini tartibga solishning talay mexanizmlari mavjud boʻlib, odob-axloq qoidalarini takomillashtirish ham bu borada mustaqil vosita boʻlib xizmat qilishi mumkin. Har bir foydalanuvchi axborot muallifi va hammuallifiga aylanishi mumkin boʻlgan foydalanuvchilar kontenti ortib borayotgan hozirgi sharoitda bu masala yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu jihatdan, aholining OAV rolini anglab yetishga nisbatan mediasavodxonligini oshirish gʻoyasi zamonaviy axborot almashinuvini tartibga solishda muhimdir.

Konferensiya rezolyutsiyasi sifatida raqamlashtirish davrida soʻz erkinligi, axborot sifati va OAV plyuralizmi, oʻz-oʻzini tartibga solish va faktcheking, mediasavodxonlik masalalari, “nafrat tili“ deb nomlangan beshta mavzuga doir blokdan iborat “Dastlabki tavsiyalar“ nomli hujjat ishlab chiqildi. Hujjatning elektron talqini bilan YEXHT sayti (www.osce.org)da tanishish mumkin.

Nozima Muratova,
Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Internet-jurnalistika va ijtimoiy media fakulteti dekani.

 

 

OʻzA