2018-yil 8-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar mamlakat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini koʻrib chiqdilar.

Majlis kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar siyosiy partiyalarning parlament quyi palatasidagi fraksiyalari hamda Oʻzbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi yigʻilishlarida dastlabki tarzda muhokama qilingan edi.

Majlisda deputatlar ishni “Urugʻchilik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi muhokamasidan boshladilar. Qayd etilganidek, ushbu qonun loyihasi mamlakatimiz Prezidentining 2018-yil 27-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida urugʻchilik tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida mazkur sohani rivojlantirish, sifatli va hosildor mahsulotlar urugʻlarini yetishtirish ishlarini kengaytirish, ularni xalqaro bozorlarda ilgari surishning huquqiy asoslarini takomillashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan. U urugʻchilik sohasidagi munosabatlarni tartibga solish mexanizmini takomillashtirish hamda urugʻlik eksporti uchun qulay shart-sharoitlar yaratishni ham koʻzda tutadi.

Deputatlarning fikricha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi qishloq xoʻjaligida urugʻchilikning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish, sohaga zamonaviy innovatsion loyihalarni joriy etish, urugʻlik genafondini saqlash, urugʻlik yetishtiradigan va uni qayta ishlaydigan korxonalar tarmogʻining samaradorligini yanada oshirish, urugʻlarni realizatsiya qilish hamda eksport koʻlamini kengaytirishga xizmat qiladi.

Shundan soʻng deputatlar “Oʻzbekiston Respublikasining Konsullik ustaviga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini koʻrib chiqdilar. Hozirda amal qilib turgan mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi konsullik muassasalari faoliyatining huquqiy asoslarini belgilab beruvchi asosiy hujjat – Oʻzbekiston Respublikasi Konsullik ustavi 22 yil muqaddam, 1996-yil 29-avgustda qabul qilingan qonun bilan tasdiqlangan. Oʻtgan davr mobaynida milliy qonunchilikka kiritilgan oʻzgartishlar, shuningdek, hozirgi kunda shakllangan amaliyot, xorijiy tajriba va xalqaro huquq normalarini inobatga olgan holda, davrning oʻzi mazkur hujjat takomillashtirilishini taqozo etmoqda. Shu munosabat bilan parlament quyi palatasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Konsullik ustavi yangi tahrirda tayyorlandi va unda konsullik faoliyatini amalga oshirishning, konsullik mansabdor shaxslari oʻz vaqtida har tomonlama konsullik-huquqiy va boshqa yordam koʻrsatish orqali chet eldagi fuqarolarimiz hamda yuridik shaxslarning huquqlari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha funksiyalarining huquqiy-tashkiliy asoslari belgilab berilmoqda. Unda konsullik muassasalari huquqiy maqomi va toifalarining aniq ifodalangani ushbu muassasalarning oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni toʻliq bajarishiga, konsullik mansabdor shaxslar faoliyati samaradorligini taʼminlash, masʼuliyatini hamda ishlab chiqilayotgan hujjatlar sifatini oshirishga, pirovardida mamlakatimiz manfaatlarini, fuqarolarimiz va yuridik shaxslar huquqlarini ishonchli muhofazalashga erishishga xizmat qiladi.

Shundan soʻng quyi palata deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi asosida kiritilgan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

Qayd etilishicha, oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha Yevropa agentligi (EFSA) tahlillariga koʻra, 18-29 yoshda boʻlgan yigit va qizlarning 70 foizi energetik ichimliklarni alkogol mahsulotiga qoʻshib ichishi maʼlum boʻldi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bu ichkilikbozlik alkogolning oʻzidan zaharlanishdan koʻra ancha xavfliroq. Olingan xulosalarga koʻra, energetik ichimliklarni doimiy ravishda isteʼmol qilish voyaga yetmaganlarda yurak xurujlari kuchayishiga, koʻrish qobiliyati susayishi va aqliy nuqsonlar yuzaga kelishiga sabab boʻladi.

Deputatlarning fikricha, taklif qilinayotgan qonun loyihasining qabul qilinishi amaldagi qonun hujjatlaridagi mavjud boʻshliqni toʻldirish bilan birga, quvvat beruvchi ichimliklarni reklama va realizatsiya qilish ishlari ustidan samarali nazorat oʻrnatish mexanizmlarini qoʻllashga koʻmaklashadi.

Shundan soʻng deputatlar Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 12-apreldagi “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi qonunini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi ijrosi yuzasidan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasi muhokamasiga kirishdilar.

Yigʻilishda qayd etilganidek, jamoatchilik nazorati jamoatchilik kengashlari, komissiyalari va boshqa jamoatchilik tashkiliy tuzilmalari tomonidan ham qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Deputatlar fikricha, tahlillar “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi, “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi toʻgʻrisida”gi, “Radiatsiyaviy xavfsizlik toʻgʻrisida”gi, “Psixiatriya yordami toʻgʻrisida”gi hamda “Oʻrmon toʻgʻrisida”gi qonunlarning normalari jamoatchilik nazorati subyektlari doirasini cheklab qoʻyayotganini koʻrsatmoqda. Koʻrilayotgan qonun loyihasi bilan qonun hujjatlari normalari oʻrtasidagi nomuvofiqlikni bartaraf etish maqsadida yuqorida keltirilgan qonunlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritish taklif etilmoqda.

Majlisda muhokama etilgan yana bir hujjat – “Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi boʻldi. Mazkur loyiha Prezidentimizning 2018-yil 28-martdagi “Oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmati faoliyatining samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining 17-bandida belgilangan topshiriqqa asosan ishlab chiqilgan. Unga binoan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 107-moddasiga karantin eʼlon qilingan zararkunandalarga, oʻsimliklar kasalliklariga va begona oʻtlarga qarshi kurashning sanitariya qoidalarini va boshqa xil qoidalarni buzish – fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa, uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solish taklifi kiritilmoqda. Kodeksning 108-moddasiga esa chet mamlakatlardan keltirilib, karantin tekshiruvidan va tegishli ishlov berishdan oʻtkazilmagan materiallarni tashib chiqib ketish – fuqarolarga eng kam ish haqining ikki baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa, besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solish taklifi kiritilmoqda. Shuningdek, xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, fuqarolarga eng kam ish haqining besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa, yetti baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solish boʻyicha qoʻshimcha kiritish nazarda tutilmoqda.

Deputatlar ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi belgilangan normalarga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini kuchaytirish, oʻsimliklarning karantini boʻyicha chora-tadbirlarni tizimli amalga oshirish, huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha choralar koʻrish, oʻsimliklar karantini va fitosanitariya talablari bajarilishini toʻliq taʼminlashga yordam beradi.

Majlisda, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
 
Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati