Mamlakatimizda keyingi yillarda oliy taʼlimni yangi bosqichga koʻtarishga qaratilgan qator muhim hujjatlar qabul qilindi.
Prezident qarorlari bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish, taʼlim sifatini oshirish boʻyicha dasturlarga muvofiq oliy taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini kuchaytirish, professor-oʻqituvchilarning maoshlarini oshirish hamda fan-taʼlim-ishlab chiqarish integratsiyasini yanada kuchaytirish boʻyicha ishlar jadal surʼatda olib borilmoqda.
Ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda zamonaviy taʼlim standartlari asosida taʼlim berish, ushu jarayonda mental qadriyatlarimizni eʼtiborga olgan holda talabalikka qabul qilish jarayonidagi test sinovlarini mutlaqo yangi tartib va talablar asosida, jamoatchilik nazoratining barcha shakllarini qoʻllab, adolatli va shaffof oʻtkazish tizimi joriy etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2018-yil 24-oktyabr kuni oliy taʼlim sohasini yanada rivojlantirish, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kengaytirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda sohada koʻplab yangilik va islohotlar amalga oshirilayotgani alohida qayd etilib, oʻz navbatida, bugun yechimini kutayotgan qator muammo va kamchiliklarga toʻxtalib, ularni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqish, sohadagi kechiktirib boʻlmaydigan vazifalarni bajarish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Bugun dunyoda yuz berayotgan voqea va hodisalar, turli qarama-qarshilik va tahdidlarning kuchayib borayotgani har bir fuqarodan bu jarayonlarga befarq boʻlmaslikni, oliy taʼlim muassasalarining bitiruvchilari oʻz sohasining yetuk mutaxassisi boʻlib yetishishlari bilan birga, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega boʻlgan holda yurtimizda amalga oshirilayotgan jadal islohotlarning ishtirokchisi boʻlib, daxldorlik hissi bilan yashashni taqozo etmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 28-iyuldagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga koʻtarish toʻgʻrisida”gi qarorida dunyoda yuz berayotgan murakkab geosiyosiy va gʻoyaviy-mafkuraviy jarayonlarning mazmun-mohiyatini har tomonlama chuqur yoritish, terrorizm, din niqobidagi ekstremizm, aqidaparastlik, separatizm, odam savdosi, “ommaviy madaniyat”, narkobiznes va boshqa tahdidlarga qarshi samarali gʻoyaviy kurash olib borish vazifalari belgilangan. Ana shu vazifalar ijrosi yuzasidan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan hududlarda ichki va tashqi mafkuraviy tahdidlarni aniqlash boʻyicha sotsiologik tadqiqotlar oʻtkazish va shu asosda mamlakatimizdagi maʼnaviy-maʼrifiy muhit tahlilini koʻrsatib beruvchi dastur-xarita ishlab chiqildi.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamkorligida mamlakatimizdagi barcha oliy oʻquv yurtlarida maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi muammolarni oʻrganish va tahlil qilish maqsadida ijtimoiy soʻrovnoma oʻtkazilmoqda. Ijtimoiy soʻrovnomadagi savollar professor-oʻqituvchilar va talabalar uchun alohida ishlab chiqilgan.
Soʻrovnomani oʻtkazishdan maqsad taʼlimdagi mavjud taʼlim-tarbiya tizimini takomillashtirish, talaba-yoshlar bilan aniq manzilli targʻibot tadbirlarini olib borish boʻyicha takliflar ishlab chiqishdan iborat. Soʻrovnoma natijalari tahlil qilingan holda har bir oliy taʼlim muassasasidagi professor-oʻqituvchilar va talabalar oʻrtasidagi ijtimoiy-maʼnaviy muhit, ularning islohotlardan xabardorligi va maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni yanada takomillashtirish boʻyicha bildirilgan takliflar asosida oliy taʼlim tizimida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni samaradorligini oshirish boʻyicha “yoʻl xaritalari” ishlab chiqiladi.
Oʻz oʻrnida, maqsadli va manzilli oʻtkazilgan amaliy ishlar esa, tabiiyki, mamlakat oliy taʼlim muassasalarida zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan raqobatbardosh, maʼnaviy yetuk hamda Vatan va millat taqdiri uchun daxldor kadrlarni tayyorlash, yurt taraqqiyotining, qolaversa, bugungi kunning dolzarb vazifasi boʻlgan yoshlarni yot taʼsirlardan himoya qilishning muhim garovidir.