Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-apreldagi “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonining ijrosi doirasida Vazirlar Mahkamasining “Hadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil etish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Hadis ilmi maktabi yurtimizdan yetishib chiqqan Abdulloh ibn Muborak, Imom Keshiy, Imom Buxoriy, Imom Dorimiy, Imom Termiziy, Imom Shoshiy va Abdulloh Subazmuniy kabi buyuk muhaddislar tomonidan asos solingan hadis maktablarining davomchisi sifatida tashkil etilgani, yurtimizda yana buxoriylar, samarqandiylar, shoshiylar, termiziylar kabi ulugʻ allomalarning tarbiya topishiga xizmat qiladi.
Movarounnahrda ilm-maʼrifat bilan mashgʻul boʻlgan koʻplab maktab va madrasalar, xususan, Qurʼon, hadis va fiqh maktablari faoliyat olib borgani tarixiy manbalarda qayd etilgan. Jumladan, Movarounnahrdan VII-XII asrlarda 3000 dan ortiq taniqli muhaddis yetishib chiqqan. Ularning 1000 dan ziyodi Samarqandda, 600 dan ortigʻi Buxoroda, 400 dan oshigʻi Nasafda, 70 dan koʻprogʻi Shoshda, shuningdek, Fargʻona, Kesh, Termiz, Xorazm, Ustrushona, Dabus kabi shaharlarda faoliyat koʻrsatgan. Bu raqamlar yurtimizni tom maʼnoda muhaddislar diyori, deb eʼtirof etishga asos boʻladi.
Hadis ilmi maktabining asosiy maqsadi ham islom dini va hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk vatandoshlarimizning boy merosini chuqur oʻrganish, ular tomonidan asos solingan hadis ilmi maktablari faoliyatini qayta tiklash va rivojlantirish hamda oliy maʼlumotli yetuk mutaxassislarni tayyorlashdan iborat.
Qarorda belgilanganidek, Din ishlari boʻyicha qoʻmita Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda Maktab bilan xorijiy mamlakatlarning nufuzli ilmiy va taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, xorijlik professor-oʻqituvchilarni maktabga jalb qilish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshiradi. Maktab professor-oʻqituvchilarini malaka oshirish, tajriba almashish va oʻqitish uchun chet mamlakatlarga yuborish choralarini koʻradi.
Allomalarimiz qoldirgan boy ilmiy-maʼnaviy merosni oʻrganish va ularni keng jamoatchilikka yetkazish xususida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shunday taʼkidlagan: “Imom Buxoriy va Burhoniddin Margʻinoniy, Iso va Hakim Termiziylar, Mahmud Zamaxshariy va Qaffol Shoshiy, Bahouddin Naqshband va Xoja Ahror Valiy, Muhammad Xorazmiy va Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy va Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek va Alisher Navoiy kabi koʻplab daholar nomi jahon sivilizatsiyasi tarixida oltin harflar bilan bitilgan. Bu allomalar maʼnaviy merosini oʻrganishga bugungi kunda ham insoniyat katta ehtiyoj sezmoqda”.
Darhaqiqat, ota-bobolarimizdan qolgan boy maʼnaviy merosga qancha koʻp murojaat qilsak, ularni oʻqib-oʻrgansak, maʼnaviy olamimiz shuncha boyib, yuksalib boradi. Hadis ilmi maktabi ana shunday ulugʻvor maqsadlarni amalga oshirishda yetakchi diniy taʼlim muassasasi vazifasini oʻtashiga ishonamiz.