Xitoy Kompartiyasi Markaziy Qoʻmitasining “Jenmin jibao” gazetasi redaksiyasi tashabbusi bilan 2018-yil 22-oktyabrdan 2-noyabrga qadar “Bir makon – bir yoʻl” shiori ostida jurnalistlarning xalqaro forumi boʻlib oʻtdi. Mazkur anjumanda Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi ijodiy xodimlari ham ishtirok etdi.
Forum Pekin shahrida, 4 milliondan ortiq nusxada chop etiladigan “Jenmin jibao” gazetasi media markazida hamda mamlakat janubida joylashgan Xaynan orolidagi Xalqaro forumlar markazida oʻtkazildi.
Unda 90 mamlakat va xalqaro tashkilotlar vakillari, 200 dan ortiq OAV rahbarlari, xalqaro va iqtisodiy dolzarb mavzularda qalam tebratuvchi jurnalistlar, 250 dan ortiq faxriy mehmonlar, diplomatlar, xalqaro tahliliy markazlarning ekspertlari ishtirok etdi.
Jurnalistlar qadimgi Buyuk ipak yoʻli boʻylab “Bir makon – bir yoʻl” shiori ostida Sharqdan Gʻarbga qarab yoʻnaltirilgan temir va avtomobil yoʻllari loyihasi, bu megaloyihaning qurilishi va ishga tushirilishini yoritishda jahon OAV oldida turgan vazifalar va jurnalistlarning oʻzaro hamkorligi masalalarini muhokama qildi.
“Jenmin jibao” gazetasining prezidenti Li Baoshan forumga yigʻilgan jurnalistlarni muborakbod etar ekan, katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy ahamiyatga ega boʻlgan bu ulugʻ va savobli ishda ularga muvaffaqiyat tiladi.
Forum ishining birinchi kuni jurnalistlar Xitoyning janubida joylashgan qadimda qoloq, aholisi qashshoq, chor atrofi botqoq boʻlgan Xaynan orolining bugungi hayoti bilan tanishdi. Bu orolda soʻnggi 30 yil ichida dengiz qirgʻogʻida qad koʻtargan, qudratli yuk ortish va tushirish kranlari ishlab turgan yirik bandargohlarni, gʻaroyib shaklda barpo etilgan, sharoitlari boʻyicha dunyoda ikkitagina boʻlgan yetti yulduzli, koʻp qavatli zamonaviy “Atlantik” va boshqa mehmonxonalarni, neft, hoʻl meva, qishloq xoʻjalik mahsulotlarini qayta ishlaydigan korxonalarni, barcha qulayliklarga ega boʻlgan zamonaviy shahar va qishloqlar qiyofalarini koʻrib, qarovsiz, tashlandiq orol bir avlod umri mobaynida dunyodagi eng zamonaviy kurort shaharga aylantirilganining shohidi boʻldi.
Maʼlumki, Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin 2013-yil sentyabr oyida Yevroosiyo davlatlariga murojaat qilib, yangi Buyuk ipak yoʻlining Iqtisodiy loyihasiga bagʻishlangan rejalari bilan oʻrtoqlashdi. Unda Xitoy rahbari Yevropaga qarab yangi Buyuk ipak temir yoʻlini hamkorlikda qurish tashabbusi bilan chiqdi. Shu yilning oktyabr oyida Indoneziyaga tashrifi chogʻida XXI asrning yana bir yirik loyihasi – Yevropaga qarab Buyuk ipak suv yoʻlini ishga tushirish, Sharqdan Yevropaga qadar boʻlgan dengiz va okean qirgʻoqlarida qoʻshimcha zamonaviy bandargohlar qurish yuzasidan ASЕAN davlatlariga qarata murojaat bilan chiqdi.
Xitoy rahbari yangi Ipak yoʻlining Iqtisodiy masalalari boʻyicha “Yagona taqdirga ega insoniyat” nomli konsepsiyasini taklif etdi. Mazkur konsepsiya jiddiy va murakkab boʻlishiga qaramay, nihoyatda puxta ishlangan. “Global boshqaruv”da: siyosiy kelishuv yoʻllarini qidirish, yagona infratuzilma tarmogʻini yaratish, savdo aloqasini yaxshi yoʻlga qoʻyish, valyuta-moliyaviy oqimiga keng yoʻl ochish, insoniyat hayotining turli tarmoqlaridagi amaliy hamkorlikda gumanitar aloqalarni rivojlantirish kabi beshta muqobil variantni oʻz ichiga oladi.
Xitoy tashabbuslar bilan qanoatlangani yoʻq. Qisqa vaqt ichida bu loyihalarni amalga oshirish uchun Hukumatning taraqqiyot va reformalar qoʻmitasi qoshida boshqaruv kanselyariyasini tashkil etdi. Infratuzilma investitsiyalari boʻyicha Osiyo bankini ochdi. Loyihani amalga oshirish uchun Xitoy hukumati 10 milliard AQSH dollarilik Qoʻshma investitsiya fondini yaratdi.
Xolisona, yaxshi niyat bilan puxta oʻylanib qilinayotgan va samarasi shundoqqina koʻrinib turgan bu loyiha jahonda yakdillik bilan qoʻllab-quvvatlandi. Magʻrib bilan Mashriqni bogʻlab turadigan qitʼalararo temir yoʻl qurilishiga BMTga aʼzo davlatlarning qariyb yarmi shu zahoti oʻz xayrixohligini bildirdi. Bugunga qadar bu gʻoyani amalga oshirishga 100 dan ortiq mamlakat rozilik berib, megaloyihada ishtirok etish istagini bildirdi. Hozirning oʻzida yoʻlni hamkorlikda qurish boʻyicha 80 dan ortiq davlat bilan shartnomalar imzolandi. Loyihani, shuningdek, BMT, SHHT, BMT Xavfsizlik kengashi, BMTTD, BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi va Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti kabi umumjahon xalqaro tashkilotlari ham qoʻllab-quvvatladi.
Xitoy iqtisodiy aloqalarni, savdo-sotiqni rivojlantirish boʻyicha dunyoda butun bir inqilob qilayapti, desa boʻladi. Sababi, yangi Buyuk ipak (temir) yoʻli nafaqat davlatlararo savdo-sotiqni rivojlantirishga xizmat qiladi, balki yangi yirik zamonaviy ishlab chiqarish tizimini yaratishga zamin yaratadi.
Biz uchun yana bir muhim tomoni shundaki, Toshkent temir yoʻl vokzalidan Xitoy, Pokiston, Hindistonga hamda Parij, Rim, Berlin yoki Fransiya bilan Angliyani ajratib turadigan dengiz qoʻltigʻidan tunnel orqali tezyurar poyezdlarga oʻtib, Londonga borish imkoniyatiga ega boʻlamiz. Bu, shuningdek, Osiyo, jumladan, Markaziy Osiyo va Yevropa qitʼalari mamlakatlari iqtisodiyotini jadal rivojlantirishga xizmat qiladi, zamonaviy texnologiyalarni olib kiradi, yuqori samarali ilgʻor ish uslublari joriy etiladi. Malakali ishchilar, mutaxassislar qatlami shakllanadi.
Xitoy loyihasida Hind okeani qirgʻogʻidan boshlanadigan temir yoʻlning Yevroosiyodagi uchta yirik makromintaqa: Markaziy Osiyo va Rossiya, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo, Janubi-Sharqiy va Janubiy Osiyo orqali Yevropaga chiqish geografik yoʻnalishlari belgilangan. Eʼtibor bersangiz, dunyodagi eng uzun bu yoʻlning uchta makromintaqasi yoʻnalishining ikkitasi Markaziy Osiyo (beshta mamlakat bilan chegaradosh boʻlgan Oʻzbekiston) orqali Yevropaga chiqadi.
Shu kunga qadar biz bitta, u ham boʻlsa, tuyalar va argʻumoqlar yuradigan Buyuk ipak yoʻlini bilar edik. Mana, endi qadimgi bu yoʻl qatoriga Sharqdan Yevropaga qarab temir, avtomobil va dengiz yoʻllari ochilmoqda.
Bugungi jadal surʼatlar bilan taraqqiy etayotgan jahonning talab va ehtiyojlari shunchalik yuqoriki, bu masala va muammolar oʻzining yangi global yechimini kutayapti. Katta surʼatlar bilan rivojlanayotgan Xitoy iqtisodiyoti kundan-kunga mustahkamlanib, koʻplab mamlakatlar oldida eng ishonchli hamkor mavqeini egallamoqda, xorijiy davlatlarga kattadan-katta investitsiyalar kiritmoqda. Ekspertlarning fikricha, 2030 yilga borib Xitoy har bir davlat uchun muhim koʻrsatkich boʻlgan yalpi ichki maxsulot ishlab chiqarish boʻyicha dunyoda birinchi oʻrinni egallashi mumkin. Xitoy aholisi hozirning oʻzida mahsulot xarid qilish koʻrsatkichlari boʻyicha yer yuzidagi barcha mamlakatlardan oʻzib ketdi.
Xitoy xalq diplomatiyasi assotsiatsiyasining Bosh kotibi Chjao Siyuanning taʼkidlashicha, oʻtgan besh yil ichida “Bir makon – bir yoʻl” atrofida joylashgan davlatlar bilan Xitoyning tovar ayirboshlash hajmi 5 trillion dollarni tashkil etdi. Xorijiy davlatlarga chiqargan investitsiyasi esa 70 milliard dollardan oshib ketgan.
Anjumanda “Bir makon – bir yoʻl” xalqaro forumining navbatdagi majlislaridan biri Oʻzbekistonda boʻlib oʻtishi taʼkidlandi.
Jurnalistlar xalqaro forum doirasida Xitoy Kompartiyasi Markaziy Qoʻmitasi rahbariyati qabulida boʻldi.
Mamlakatimizda boʻlayotgan oʻzgarishlar haqidagi maqola “Jenmin jibao” gazetasida chop etildi. Maqola xitoylik ijodkorlar tomonidan iliq kutib olindi. Forum doirasida Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va “Jenmin jibao” gazetasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Toshkentdagi Sharqshunoslik instituti qoshida Xitoy mutaxassislari ishtirokida “Bir makon – bir yoʻl” ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish masalasi qoʻrib chiqilmoqda.
Oʻzaro kelishuvga binoan yangi Buyuk ipak yoʻllari toʻgʻrisida OAV oʻrtasida muntazam axborot almashib turishga, adabiy-publitsistik toʻplam tayyorlab, uni 6 tilda chop etish va tarqatishga qaror qilindi.