Jurnalistika: “Bugungi davr qoliplar doirasida ishlab boʻlmasligini koʻrsatayapti”

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, jurnalist Hakim Sattoriy bilan milliy jurnalistikadagi muammo, yutuqlar haqida OʻzA muxbiri suhbatlashdi.

photo5411335597127215486.jpg– Matbuot ommaviy axborot vositalarining birinchi namunasidir. Keyin radio, sal oʻtib televideniye, endilikda esa internet jurnalistikasi paydo boʻldi. Baribir, matbuot (bosma nashrlar) sohaning asosiy va tayanch turi sifatida oʻz nufuzini yuqori darajada saqlab kelmoqda. Unga birinchi navbatda ehtiyoj bor. Qolaversa, matbuotni jamiyatni hayotini oʻzida muhrlaydigan koʻzgu deyish mumkin. Tajribali jurnalist sifatida Oʻzbek matbuotining bugungi holati haqida nima deya olasiz?

– Har qanday ilgarilanma harakat (u revolyutsion boʻladimi yoki evolyutsionmi) tez-tez ortiga boqib, oʻz-oʻzini taftish qilib turishi qonuniy holat. Busiz izchil taraqqiyot taʼminlanmaydi. Mamlakatimizda kechayotgan jarayonlarga shu masshtabdan qaraganimizda, jamiyatda ijtimoiy fikrni shakllantirishning asosiy minbari boʻlgan matbuot ham rivojlanish bosqichlarida oʻzini-oʻzi taftish qilib boradi.

Shuni tan olish lozimki, matbuot bizning milliy madaniyatimizda nisbatan “yosh” soha hisoblanadi. Mabodo, hadisshunoslik, geodeziya yoki mineralogiya singari fanlarning asosiga tamal toshi bizning tuprogʻimizda qoʻyilganini inobatga olsak, jurnalistikaning (xususan, gazeta, jurnallarning) paydo boʻlishi unchalik qadimiy ildizlarga ega emasligi ayon boʻlib qoladi. Bu holning “oʻziga xos va mos” sabablari borki, hozir gap bu haqda emas. Umuman, tan olib aytadigan boʻlsak, dastlabki tarqatma bosma nashrlar paydo boʻlgandan beri bu madaniyat turi tugal shakllanishga ulgurmay, turli siyosiy vazifalarni bajarishga giriftor boʻldi va aytish mumkinki, hali “suyagi qotib ulgurmagan vujud“ turli oʻzgarishlarga duchor boʻlib, qorishiq bir qiyofa kasb etdi. Shunday qilib, oʻzi ichdan pishib yetilgan, oʻzgarmas tamoyillar va oltin qoidalarga ega boʻlishi lozim boʻlgan soha tinimsiz yangilanishlar jarayonini boshdan kechirib kelmoqda. Oqibatda matbuot (men radio yoki TV demayapman!) jamiyatda oʻz oʻrnini tayin eta olmadi va hatto u “Oʻzi, bizga shu soha kerakmi?” singari mujmal taassurot uygʻotdi ham. Mutaraqqiy mamlakatlar tajribasi esa shuni koʻrsatmoqdaki, borliqni tafakkur boshqarayotgan dunyoda qanday qilib fikr minbarisiz, jamiyatning lokomotivi boʻlgan ijtimoiy fikr fabrikasisiz kun koʻrish mumkin? Barcha xulosalar mamlakatga kuchli, eng zamonaviy darajadagi matbuot kerakligini tasdiqlab turibdi.

Ana shu mulohazalar koʻlamida bugungi milliy matbuotimizning ahvoli va mavqeini tasavvur qilish imkoni tugʻiladi. Nega bunday hol roʻy berdi? Agar sabablar haqida gapiriladigan boʻlsa, bu holni milliy matbuotimizning “dumbulligi” bilan izohlash lozim boʻladi.

Yuqorida eslatilganidek, tinimsiz siyosiy islohotlarga giriftor qilingan, buyurtmalar iskanjasidan chiqib keta olmagan oʻzbek matbuoti hali ham oʻzini kashf etish borasida izlanayapti.

Koʻz oldingizga keltiring: dastlabki gazeta-jurnallar paydo boʻlganda ular koʻproq maʼrifatni targʻib qildi. Keyinchalik siyosiy hayotga aralashib, odamlarni oʻz tarixini oʻrganish, qadr-qimmatini anglashga chaqirdi. Pirovardida hokimiyatga intilishga undadi. Birdaniga oktyabr toʻntarishi va totalitar mafkura oyboltadek yorib kirdi va hammasi aralash-quralash boʻlib ketdi.

Milliy matbuot oʻz qiyofasini topa olishga ulgurmadi. Bu hol mustaqillikkacha davom etdi. Istiqlol yillarida esa ochigʻi, matbuotning oʻz qiyofasini kashf etish borasidagi saʼy-harakatlar izchil davom etmadi va koʻzga koʻrinarli natijaga erishilmadi. Holbuki, u bir paytlar norasmiy holda “toʻrtinchi hokimiyat” maqomiga ega boʻlgandi. Bugun vatandoshlarimiz bu “hokimiyat”ni barcha puchmoqlardan izlayapti, biroq topish oson boʻlmayapti.

Bu holga tushishning bosh sabablaridan biri, mening nazarimda, kasbga sadoqatning yetishmagani, kasbiy tayyorgarlikning zaifligi bilan belgilanadi. Bu hol esa xodimlar tayyorlash tizimining milliy-tarixiy zamindan uzilib qolgani, dunyoqarashni soxta aqidalar ruhida shakllantirilgani bilan izohlanadi.

Shoʻro zamonida jurnalistga komfirqaning yugurdagi, nari borsa maddohi sifatida qaralardi. Ana shunday sunʼiy andazalar asosida tayyorlangan xodimlar amaliy faoliyatga tayyor emas edi. Jurnalistikada “Hammanarsa haqida yozish mumkin” degan kasbiy qoida amal qiladi. Mabodo, qalamkash hammaning eʼtiboridagi voqea haqida eplab yoza olmasa, uning yozganlari eʼtirozga sabab boʻlsa, hatto ish sudgacha borsa, bunda kimni ayblash lozim? (Omadi gap shuki, sudlashish jurnalistik faoliyatda oddiy hol hisoblanadi, biroq tarafkashlik tufayli paydo boʻlgan gʻalva tufayli sudlashish bilan haqiqatni himoya qilib sudlashish oʻrtasida katta farq bor). Yoki oʻrtada sobit turishi, faqat adolat tantanasi uchun ishlashi lozim boʻlgan kasb egasi buyurtma bilan bir tomonning manfaatini himoya qilib tursa, kasbning obroʻyi qoladimi? Bunday hollarning sabablari koʻp boʻlishi mumkin, lekin asosiysi, kasbiy eʼtiqodning sustligi emasmi? Demak, jurnalistning maslagi ham sohaning rivojida muhim oʻrin tutar ekan.

Sabablardan yana biri esa shoʻro tuzumining qiyofasi edi. Xohlaysanmi, yoʻqmi, totalitar mafkura tarafida turishing lozim edi. Oʻshanda “toʻrtinchi hokimiyat” deyilganda, xalq bilan davlat oʻrtasidagi koʻprik emas, balki jazolovchi kuch, yana bir zoʻravon mahkama tushunilgan. Shu sababli gazetalarda “…koʻzingizni oching, sizga felyetonchi ketdi” tarzidagi shapkalar berilgan, felyetonchi esa qogʻoz va qalam bilan birga ikkita toʻpponcha osib yurgan. Shunday qilib, matbuot qoʻrquv mashinasiga ham aylangan edi. Dunyo tajribasi esa bunday hollarni qoralaydi, bunday matbuotni tan olmaydi ham.

– Milliy matbuotimizdagi yosh kadrlar ijodini kuzatasizmi? Ular yozayotgan badiiy ijod namunalarining boshqa janrda yaratilayotgan asarlar bilan bahslasha olayaptimi?

– Albatta, yosh ijodkorlarning ijodini kuzatib boraman… Hozir dunyo siyosiy iqlimi tubdan oʻzgardi, zoʻravonlikni, kuch ishlatishni targʻib qilish nufuzli qonunlar bilan taqiqlandi. Jumladan, Oʻzbekiston eng erkparvar, adolatparvar siyosat tarafdori. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yangilanish sari olib borilayotgan siyosatdan xalqimiz rozi, ulardan umidi katta. Shunday sharoitda milliy matbuotimiz ham yangilanishlar ilhomchisi va targʻibotchisi boʻlishi ayni davr talabi.

Milliy TVdagi jasorat, dadillik hammada ragʻbat uygʻotmoqda. Matbuotning oʻrni va vazifasi boʻlakcha. Masalan, TV da voqelikning tashqi, fotografik manzarasi aks etsa va xulosalar ham birlamchi dalillar koʻmagida chiqarilsa, matbuot yutuq va kamchiliklarning ildizlari, yuzaga chiqargan teran omillar haqida mushohada yuritish imkonini beradi. TV da bir xil manzaraning turli hududlarda kechish va sodir boʻlish jarayonini birdaniga qamrab olish imkoni boʻlmaydi. Matbuot esa dalillarni taqqoslab, ularni tahlilga “torta” oladi. Yutuqni ommalashtirish, kamchilikni bartaraf etish uchun esa ularning sabablarini topish lozim boʻladi. Bu yumush matbuot xulosalari orqali amalga oshiriladi.

Bugungi kunda sohaning yetilgan muammolaridan biri – jurnalistning kasb mahorati, eʼtiqodidan tashqari, malakali jurnalistning oʻzini tayyorlash boʻlib turibdi. Toʻgʻri, bu boʻshliqni biror axborotni eplab yozadigan maʼlumotli odamlar hisobidan toʻldirish mumkin, ammo professional kasb odamini yetishtirish oson masala emas. Koʻplar yozishni bilgan odam redaksiyalarda ishlab keta oladi, deb oʻylaydi. Toʻgʻri, ishlab keta oladi, biroq ishkal shundaki, u havaskorlik darajasidan koʻtarilishi qiyin kechadi. Mabodo ish shunday boʻlganda edi, universitetlarda maxsus fakultet tashkil qilinmagan boʻlardi. (Umuman, bu soha xodimlarini tayyorlash boʻyicha dunyoda turli yondashuvlar mavjud). Shundanmi, ishtiyoqi baland kishilar jon-jahdi bilan jurnalist boʻlishga intiladi, jurnalistikada oʻqiyotganlarning aksariyati esa afsuski, bitirgach shu sohada ishlamasligini aniq biladi.

Masalan, bizning kursimizda ellikdan ziyod kishi diplom olib ketgandi. Sohada ishlaganlar esa barmoq bilan sanarli boʻldi. Bu holning aniq taʼrifi shunday edi: koʻplar jurnalistikada oʻqish juda oson, deb oʻylashardi (rost-da, oshpaz yoki quruvchi ham maqola yozib yuribdi-ku). Bu – masalaning chalgʻituvchi tomoni. Kimki redaksiyaga ishga borib, birinchi topshiriq bilan “material tayyorlash”ga kirishsa, gap nimadaligini oʻshanda biladi. “Oʻqish oson” boʻlgach, boshqa fakultetlarga “sigʻmay” qolgan, biroq oʻqishi shart boʻlgan (sababi maʼlum) “imtiyozli”lar jurnalistikaga oqib kelaverardi. Unga qishloq xoʻjaligi, meditsina, hatto huquqshunoslik institutlaridan bolalar “perevod” qilinardi. Shu bilan tahsilning obroʻsi ham, sifati ham tushib ketardi.

Malakali, pishiq-puxta xodimlarning tayyorlanmaganligi ham milliy jurnalistikaning oqsab qolishiga sabab boʻldi. Ochigʻi, oʻtgan yillarda jahon standartlari darajasida faoliyat koʻrsatgan hamkasbimni eslay olmayman. Topilishi mumkin, gap millat, xalq manfaatlari haqida ketmoqda. Shunday qilib, publitsistika proza, ayniqsa, poeziyaning soyasida qolib ketdi. Holbuki, publitsistikada hamma janrlar mavjud, bugun u eng yetakchi mavqega ega boʻlib turibdi.

– Tarmoq gazetalari aslida qanday boʻlishi kerak? Bugun ularga ehtiyoj bormi?

– Malakali xodimlar tayyorlashning ikkinchi qanoti – hududiy matbuot. Oddiy holat – daryoning toʻlib oqishi buloqlar suvining moʻlligidandir. Oldin buloq quriydi, soʻngra ilojsiz qolgan daryo taqirga aylanadi. Avvalo, hududiy matbuot – tuman yoki viloyatlarda gazeta-jurnal nashr etishning maʼnaviy tomonlariga eʼtibor qarataylik. Tuman yoki viloyat markazlarida gazeta-jurnal tahririyatlarining boʻlishi, aniqki, bir madaniy, ijodiy markaz mavjudligidan darak beradi. Bu joy qalbida ijod ishqi boʻlgan boʻlajak qalamkashlar, sanʼatkorlar, umuman, ziyolilarning sevimli maskaniga aylanadi. Baland parvozlar ana shu dargohdan boshlanadi. Hammamizning tomogʻimiz tuman gazetalarida koʻtarilgan, desam, xato boʻlmas. Boz ustiga, mustaqillik tufayli hududiy matbuotning yumushi yana ham koʻpaydi. Axir oʻsha joydagi tarixiy maskanlar, qadriyatlar, taniqli kishilar haqida oʻsha joyning odamlari koʻproq biladi va “qotirib” yoza oladi. Bu mavzulardagi chiqishlar yurtimizning endi yozilajak toʻla tarixiga chizgilar boʻlib qoʻshilishi bor gap.

Mamlakatimizda sanʼatga, sportga juda katta eʼtibor berilayapti. Yoshlarimizning muvaffaqiyatlari haqida ham hududiy matbuotda batafsil hikoya qilish mumkin. Qolaversa, tuman va viloyat gazetalari kelajak uchun shu joylarning chinakam solnomasini bitib boradi.

Tuman yoki viloyat gazetasida, umuman, matbuotda ishlashning oʻzgacha gashti, masʼuliyati bor. Bu soha odamning barcha qobiliyatini bir maqsadga safarbar qilishni talab qiladi. Albatta, birinchi shart – ona tili imlo qoidalarini puxta bilish, yuqori darajadagi savodxonlik boʻlgan gazetachilik fikrni ravon, tushunarli ifodalashga oʻrgatadi. Yoki oddiy holat – asil nusxani gazeta sahifasi bilan solishtirib oʻqish ham diqqatni bir nuqtaga jamlash, boshqa narsalarga chalgʻimaslik, ishda basarishta boʻlish, umuman, yuqori masʼuliyatni talab qiladi. Kimki shunday sinovga bardosh bersa, ishlab keta oladi, boʻlmasa, koʻp oʻtmay, boshqa sohani tanlaydi. Xarakterdagi bunday qatʼiylik har qanday sohada asqatadi. Shuning uchun redaksiya maktabini oʻtagan xodimlar boshqa har qanday sohada qiynalmay ishlab ketgan, hatto boshqalardan koʻra yaxshi ishlagan ham. Shu maʼnoda redaksiyalarni malakali xodimlar tayyorlash maktabiga tenglashtirsa boʻladi.

Gazeta-jurnallarda tafakkurning jami qirralari yuzasidan bahs yuritiladi. Har kuni gazeta varaqlab yoki jurnal sahifalarini taxtlab yurgan odamga uning “changi” oʻz-oʻzidan yuqib qolaveradi. Kasblar orasida jurnalistga har qanday soha odami bilan teng gaplasha oladigan, yuqori madaniyatli shaxs sifatida qarashadi.

Bir davlat arbobining (Napoleon) “Har qanday jurnalist vazir boʻlishi mumkin, biroq har qanday vazir jurnalist boʻla olmaydi”, degan gapi bot-bot takrorlanib turishi ham behuda emas. Bu mezonlar aslida, jurnalistga qoʻyilgan talablar. Ana shunday qadriyatlarni mujassamlashtirgan maʼnaviy boylik mustaqillik gʻoyalaridan toʻyinib, yangicha koʻrku kamol kasb etishga haqli. Negaki, kuchli davlatni kuchli mafkuraviy qurolsiz tasavvur qilib boʻlmaydi.

Xonadonlarga gazeta-jurnallarning kirib borishi oʻsha manzillarga maʼrifatning, ziyoning kirib borishidir (albatta, bu mahsulotlar nur olib kiradigan darajada nurli boʻlishi lozim). Erta tongda birinchi mashgʻulotini bosma nashrlarni varaqlashdan boshlagan xonadon ahli diliga bir munavvarlik yuqqanga oʻxshaydi. (Iztirob bilan qayd etish joizki, hozir nashrlarda yorqin ruhli maqolalar kamayib ketdi; aksariyat koʻngilochar oldi-qochdilar. Xalqimizning koʻngli qachon “yopilib” qolgan yoki nima ish qilib charchagan?) Mutolaa bilan boshlangan kun boshqa xayrli amallarga yoʻl ochadi. Xossatan, oilada kitobxonlik muhiti qaror topadi. Gazetadan shapaloqdek qiziqarli narsani mutolaa qilgan uy bekasida qalin kitobni ham oʻqib chiqish hafsalasi paydo boʻladi.

Umuman, maʼnaviyat bilan bogʻliq barcha yumushlar bir-biri ila ichki mantiq orqali bogʻlangan. Bir zanjir zaif boʻlsa yoki uzilib ketsa, ilgarilanma harakat taʼminlanmaydi. Mahalliy hayotni ishonchli va teran yoritadigan gazeta-jurnallar esa bardavomlik va uzviylikni taʼminlaydigan vosita. Umuman, tuman va viloyat gazetalarining ijtimoiy hayotni taraqqiy ettirishda oʻrni beqiyos. Buni bosh muharrir va masʼul jurnalistlar his etmogʻi lozim. Endi shunchaki gazeta betlarini toʻldirish uchun yozib boʻlmaydi. Fan va texnika rivoji bilan basma-bas qalam tebratmoq darkor.

– Xalqda “Boʻzchi belboqqa yolchimaydi” degan gap yuradi. Koʻplarning muammosini yechishga safarbar qilingan matbuotning oʻzi ham muammolar girdobida qolib ketgandek, nazdimizda. Siz ushbu holatni qanday izohlaysiz?

– Bu ayni damda aytilishi kerak boʻlgan gap boʻldi. Oddiy masala – xodimlar mehnatiga haq toʻlashni olib koʻraylik. Kecha ish boshlagan ham, deylik, 20 yil ishlab qoʻygan xodim ham bir xil maosh olaveradi. Bu borada mehnat staji, malaka singari omillarga eʼtibor berilmagan. Bu xususiy masala. Umumiy tarzda esa matbuot, umuman, jurnalistikaning umuminsoniyat mezonlari darajasida eʼtirof etilgan tamoyillari bor. “Matbuot oʻzi mansub boʻlgan jamiyatning mahsulidir” singari aqidalarga qoʻshilib boʻlmaydi. Axir Braziliya yoki Indoneziyaning oʻziga xos meditsinasi boʻlmaydi-ku.

Garchi meditsina va jurnalistika boshqa-boshqa soha boʻlsa-da, ularning zamirida insonga xizmat qilish tamoyili mujassam. Shunday ekan, jurnalist ham jamiyatda ham maʼnan, ham moddiy zoriqmasligi lozim. Qolaversa, jamiyat uchun meditsinaning oʻrni qanchalik muhim boʻlsa, jurnalistikaning zarurati ham undan kam emas. Ilgʻor mamlakatlar tajribasi bu nisbatni yuz yillar oldin tasdiqlagan.

Mabodo, umuman olganda, qaysi davlatda boʻlsa-da, matbuot umuminsoniy mezonlardan chekinib, oʻz qobigʻida oʻralashib qolsa, bunga sohani emas, oʻsha soha odamlarini ayblash lozim. Bizda tarixiy tajribalar asosida rivojlanayotgan, qonuniy asoslari mustahkam milliy matbuot mavjud. Davr talablari esa endi eski qoliplar doirasida ishlab boʻlmasligini koʻrsatayapti. Xayrli ishlarga kamarbasta boʻlib turgan vaqtli matbuotimiz muammolarini bartaraf etib, zamon bilan baqamti rivojlanishga kuch topa oladi, albatta.

 

Dilobar Mamatova, OʻzA