Nukus shahrida uch yulduzli “Toshkent” mehmonxonasi foydalanishga topshirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, ushbu xayrli ishdan soʻng Qoraqalpogʻistonda mehmonxonalar soni 32 taga yetdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan 2018-2019 yillarga moʻljallangan Qoraqalpogʻiston Respublikasida turizmni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturiga koʻra hududda 8 mehmonxona, 3 oʻtovli uy, 2 transport xizmatlarini yoʻlga qoʻyish belgilangan.
Moʻynoq tumani hokimligi taklifi bilan Sudochye koʻli atrofida dam olish maskani tashkil qilinmoqda. Bu yerda ham oʻtov mehmonxona qurish koʻzda tutilgan. Shuningdek, tashabbuskorlar tomonidan Nukus shahridagi Achchiq koʻl boʻyida sayyohlik majmuasi qurilishi belgilangan. Ellikqalʼa tumanidagi Aqchakoʻl yaqinida zamonaviy 3 qavatli mehmonxona qurish ishlari olib borilmoqda. Bugungi kunda Aqchakoʻl hududida 9 oʻtovli uy, oshxona qurilgan. Ularga kater, gidroskuter va katamaranlar keltirilgan. Bundan tashqari, Qanlikoʻl tumanida baliq yetishtirish uchun sunʼiy koʻl tashkil qilingan boʻlib, mazkur koʻl oʻrtasidagi kichik orollarda oʻtovli uylar tashkil qilingan.
Qoraqalpogʻistonda hozirda qadimiy yodgorliklar – Ayozqalʼa va Tuproqqalʼada, hatto Nukus shahridan 400 kilometr olisdagi Orol dengizi boʻylarida ham oʻtov mehmonxonalar sayyohlarga xizmat koʻrsatmoqda. Qoʻngʻirot va Moʻynoq tumanlarida esa ilk bor uy mehmonxonalari tashkil qilindi.
– Ushbu 11 qavatli inshoot koʻp yillardan buyon foydalanilmasdan turgandi, – deydi Nukus shahri hokimi Paraxat Toreshov. – Boʻsh turgan bu bino tegishli tartibda tender savdosiga qoʻyilib, “KKRASI BETON” xususiy korxonasi tomonidan investitsiya kiritish va yangi ish oʻrinlari yaratish sharti bilan “nol” xarid qiymatida sotib olindi. Mana, qisqa fursatda 63 oʻrinli premium-klass xonalarga ega mehmonxona foydalanishga topshirildi.
Investitsiya dasturining dastlabki qiymati 3 milliard 200 million soʻm belgilangan edi. Lekin tadbirkor oʻz mablagʻlari hisobidan kiritilgan investitsiya miqdori 8 milliard soʻmni tashkil qildi.
Yangi mehmonxonada 30 yangi ish oʻrni yaratildi.
Yesimxon Qanoatov, Maqsad Habibullayev (surat), OʻzA