Qizning quvonchi koʻpga choʻzilmadi: organizmida OITS borligi aniqlandi

Mehriniso orzular ogʻushida uchib yurgan damlar. Toʻyga tayyorgarlik ishlari ham tugay deb qoldi. Tibbiy koʻrik uchun OITSga topshirgan tekshiruv javobi chiqqach, Azamat bilan nikohdan oʻtadi.
Afsuski, qizning quvonchi koʻpga choʻzilmadi. Tekshiruv natijasi Mehrinisoning organizmida OITS borligini koʻrsatdi. Uning koʻziga dunyo qorongʻu boʻlib ketdi. Tarbiyali, huda-behuda ostona hatlab koʻchaga chiqmagan bu farishtadek qizga bedavo dard qayerdan ilashdi? Farzandlarini yolgʻiz oʻzi katta qilgan shoʻrlik onaning ohi yuraklarni larzaga soldi. Qizining bokiraligini bilsa-da, qarindosh-urugʻ, qoʻni-qoʻshnilar, ayniqsa, quda-andalar oldida kim degan odam boʻladi? Farzandining salomatligi-chi? Chamasi ikki yil avval qizi koʻrichak boʻlib kasalxonaga tushgani yoki yaqin hududdagi xususiy klinikada tishini oldirganini kimga ham tushuntira olardi. Oʻylab topilgan safsata, bahona deb oʻylashlari aniq. Bunday vaziyatda toʻy qoldirilishi tabiiy…
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʻra, hozirgi kunda dunyoda taxminan 34 million kishi OIV infeksiyasiga chalingan. Har yili ular safiga yana 2 milliondan oshiq odam qoʻshilmoqda.
Mamlakatimizda ham bunday kasallikka chalingan bemorlar yoʻq emas. Ular soni yildan-yilga koʻpayayotgani esa tashvishlanarli holat. Aslida OITS/OIV infeksiyasining yuqish yoki yuqmasligi tibbiy madaniyat va savodxonlikka bogʻliq. Aholining savodxonlik darajasi qancha yuqori boʻlsa, bu kasallikning yuqish ehtimoli ham shu qadar kamayadi.
Shu bois, Toshkent shahar OITSga qarshi kurash markazida oʻquvchi-yoshlar oʻrtasida “OIV infeksiyasiga qarshimiz“ shiori ostida tadbir tashkil etildi. Prezidentimizning 2018 yil 25 yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasida odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qarori ijrosiga muvofiq oʻtkazilgan tadbirda mutaxassislar maslahatlari tinglandi, bolalar badiiy jamoalarining chiqishlari namoyish qilindi, viktorina oʻyinlari oʻynaldi. Ushbu kasallikka qarshi kurashish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xususida soʻz yuritildi.
– Kasallikning onadan bolaga yuqish ehtimolini kamaytirish maqsadida yurtimizdagi barcha homilador ayollarda OIV infeksiyasi bor-yoʻqligi tekshiriladi, – deydi Toshkent shahar OITSga qarshi kurash markazi bosh shifokori Vinera Baratova. – Homilador ayollarni test sinovidan oʻtkazishning muhim jihati OIV infeksiyasiga chalingan onadan sogʻlom farzand dunyoga kelishiga erishishdir. Kasallikka chalingan homilador ayol homilaning 24-haftasidan boshlab antiretrovirus dori-darmonlar bilan taʼminlanadi. Goʻdak sunʼiy yoʻl bilan dunyoga keltirilib, unga sunʼiy ozuqa berib, kasallikdan himoya qilinadi. Mana shu koʻrsatmalarga amal qilinsa, OIV infeksiyasi boʻlgan ota-onadan sogʻlom farzandning dunyoga kelish imkoniyati 95 foizgacha ortishi mumkin.
Mehrinisoning taqdirini aytsam, Azamat bechora qizni shu ahvolda tashlab ketmadi. Aksincha, oʻzini qoʻlga oldi va ichki ovoziga quloq soldi. Koʻngil qoʻygan insoni badnom boʻlishiga yoʻl qoʻymadi. U haqiqiy maʼnoda jasorat koʻrsatdi. Ota-onasi, aka-ukalarining qarshiligiga qaramay, Mehriniso bilan nikohdan oʻtdi. Rafiqasini dam-badam maxsus shifoxonada davolatib yurdi. Koʻp oʻtmay, ular shifokor tavsiyasiga amal qilgan holda farzandli boʻldi. Ammo hali ham Mehrinisoning tanasida oʻsha bedavo dard – OITS bor…

 

Mohigul Qosimova, OʻzA