Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida 6-noyabr kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotidagi Italiya raisligining gender masalalari boʻyicha maxsus vakili Melani Vervir bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Oliy Majlis Senati Raisi oʻrinbosari S.Ortiqova mehmonlarga mamlakatimizda xotin-qizlarning oila va jamiyatdagi oʻrni va mavqeini mustahkamlash, ular huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy-siyosiy va tibbiy madaniyatini, intellektual salohiyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida soʻzlab berdi. Onalik va bolalalikni muhofaza qilish, ayollarning jamiyat hayotidagi faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilayotgan eʼtibor, amalga oshirilayotgan loyihalar, bu boradagi xalqaro hamkorlik bilan tanishtirildi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda xotin-qizlarning davlat boshqaruvi, vakillik organlari, tadbirkorlik va biznes sohasidagi, shuningdek, jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotining boshqa tarmoqlaridagi faolligi yanada ortgan.
Muloqot chogʻida xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, oila va jamiyatdagi mavqeini mustahkamlashda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 2-fevraldagi “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni muhim oʻrin tutayotgani qayd etildi. Mamlakatimizda xotin-qizlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini oshirish, bandligini taʼminlash masalalari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, ayollar tadbirkorligining turli shakllarini rivojlantirish, ayollar nodavlat notijorat tashkilotlarining mamlakat hayotida va xotin-qizlar xalqaro harakatida faol ishtirokini qoʻllab-quvvatlash yuzasidan hamkorlikni mustahkamlash, shu orqali gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan faoliyatni muvofiqlashtirish kabi vazifalar muhokama qilindi.
Uchrashuvda, shuningdek, xalqaro ekspertlar tomonidan YEXHTning 2004-yili qabul qilgan Harakatlar rejasiga muvofiq dunyo mamlakatlarida tashkilot majburiyatlarining bajarilishi, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, gender tengligini taʼminlash yoʻnalishlarida olib borilayotgan ishlar yuzasidan maʼlumotlar berildi.
Melani Vervir Oʻzbekistonda inson huquqlari oliy qadriyat darajasiga koʻtarilgani, xususan, gender tenglikni taʼminlash borasida qator amaliy harakatlar yuqori surʼatlarda olib borilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Poytaxtimizda oʻtadigan “Mamlakatni demokratik yangilash va modernizatsiya qilishda xotin-qizlarning oʻrni: Oʻzbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot” mavzusidagi xalqaro konferensiya bu borada oʻzaro tajriba almashish, dunyoda mavjud ilgʻor tendensiyalarni joriy qilish boʻyicha oʻzaro fikr almashish uchun qulay platforma boʻlishini taʼkidladi.
Tadbir soʻngida hamkorlik yoʻnalishlari, istiqbolli rejalar yuzasidan maslahatlashuvlarni davom ettirishga kelishib olindi.