Oʻzbekistonda Toshkent xalqaro arbitraj markazi tashkil etildi

Prezident Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Toshkent xalqaro arbitraj markazi tashkil etishga rozilik berdi.
Davlatimiz rahbari joriy yilning 5 noyabrida “Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzurida Toshkent xalqaro arbitraj markazini (TIAC) tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi.
Mazkur qaror bilan 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Adliya vazirligining nodavlat notijorat tashkilot maqomiga ega Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Toshkent xalqaro arbitraj markazini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifga rozilik berildi.
Toshkent xalqaro arbitraj markazi investitsiyalar bilan bogʻliq nizolarni xalqaro arbitraj orqali hal etishning zamonaviy va xalqaro standartlarga asoslangan mexanizmlarini shakllantirish, investitsiya muhitini yaxshilash, investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishi kafolatlarini mustahkamlash kabi maqsadlarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

 

OʻzA