Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 noyabr kuni xalq taʼlimi tizimini yanada rivojlantirish borasidagi islohotlar samaradorligini oshirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.
Taʼlim-tarbiya tizimini mutlaqo yangi bosqichga koʻtarish maqsadida joriy yil 5 sentyabr kuni davlatimiz rahbarining “Xalq taʼlimini boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni, shuningdek, qator qarorlari qabul qilindi.
Shu yil 1 sentyabrdan maktablarda faoliyat olib borayotgan 450 mingdan ziyod pedagog va rahbar xodimlarning maoshi oshirildi. Xalq taʼlimi xodimlariga uy, yer, maishiy texnika, chorva va mashina sotib olish uchun imtiyozli kreditlar berish tizimi joriy etildi. Ular uchun maxsus davlat mukofoti taʼsis qilindi. Oʻqituvchilarni boshqa ishlarga jalb etish, maktablarda asossiz tekshiruvlar oʻtkazish amaliyotiga chek qoʻyildi.
Ushbu saʼy-harakatlar natijasida xalq taʼlimi tizimi joriy yilda 16 ming nafar oliy maʼlumotli yosh kadr bilan toʻldirildi. Qariyb 13 ming nafar erkak oʻqituvchi maktablarga qaytdi.
Prezidentimiz soha oldida yana koʻplab vazifalar turgani, darsliklar taʼminoti, taʼlim dasturlari sifati, oʻqituvchilar bilim va malakasini oshirish, kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etish, chet tillarini oʻqish imkoniyatini kengaytirish borasidagi ishlar talab darajasida emasligini taʼkidladi.
Xalq taʼlimi tizimida oʻquv jarayonini avtomatlashtirish, oʻquvchilarni maktabga qabul qilish va koʻchirish xizmatlarini elektron shaklga oʻtkazish, davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy maktablar tashkil etish sust borayotgani qayd etildi.
Yigʻilishda shu yoʻnalishlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, ayni paytda maktab oʻqituvchilarining bilimi va malakasi talabga javob bermaydi. Tizimdagi 422 mingdan ortiq pedagogning 65 ming nafari oʻrta maxsus maʼlumotli. Atigi 11 ming nafar oʻqituvchi oliy toifali.
Ayni paytda 3 mingdan ortiq pedagog kadrlarga real ehtiyoj mavjud. Jumladan, ingliz tili, rus tili va adabiyoti, boshlangʻich sinf, informatika, matematika fanlari oʻqituvchilari yetishmaydi.
Shuning uchun Xalq taʼlimi vazirligi, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi, Mehnat vazirligiga vakant lavozimlarga pedagoglarni jalb qilish, chekka hududlarga borib ishlaydigan oʻqituvchilarni ragʻbatlantirish va malakasini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish vazifasi topshirildi.
Oʻquv-metodik va darsliklar sifatini oshirish ham dolzarb masalalardan. Oʻquv yili boshlanganiga 2 oy toʻlgan boʻlsa-da, 3-, 5-, 8-sinf oʻquvchilari uchun 33 mingdan ziyod darslik yetishmaydi. Darsliklarda xatoliklar koʻpligi ham achinarlidir. Bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Yigʻilishda maktablar binosi, ularning moddiy-texnik bazasi holatiga ham eʼtibor qaratildi.
Maktablarda 11 yillik tizimga oʻtilgach, oʻquvchilar soni 1 millionga ortgan. Bugungi kunda 138 ta maktab filiali oʻz binosiga ega emas, 55 ta filialda oʻquvchilar soni meʼyoridan yuqori.
Investitsiya dasturi doirasida 35 ta maktabda qurilish-taʼmirlash ishlarini tezroq yakunlash kerak. 5 mingdan ziyod fizika, kimyo va biologiya oʻquv-laboratoriya jihozlari, 43 ming toʻplam oʻquv mebeli zarur.
Prezidentimiz belgilangan maktablardagi qurilish-taʼmirlash ishlarini yakunlash, markazlashgan investitsiya mablagʻlari hisobidan ularni jihozlash kerakligini taʼkidladi.
Hududlar talabidan kelib chiqib, litsey va kollejlarning boʻshagan binosini joriy yil oxiriga qadar Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufiga oʻtkazish, 2019 yil 1 yanvargacha joylardagi maktab filiallarini asosiy maktabga aylantirish, maktab avtobuslari bilan tizimli taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Yigʻilishda maktablarda bilim berish va oʻzlashtirish darajasi bugungi zamon talablariga mos emasligi tanqid qilindi. 10-11-sinf oʻquvchilarini kasb-hunarga oʻrgatish maqsadida oʻquv-ishlab chiqarish majmualari tashkil etish va ularni jihozlash ishlari qoniqarsiz ekani koʻrsatib oʻtildi.
Mamlakatimiz boʻyicha sinflarda oʻquvchilar soni oʻrtacha 23, Toshkent shahri va viloyat markazlarida 40 nafarni tashkil etadi. Bizda har 13 oʻquvchiga bitta oʻqituvchi toʻgʻri keladi, rivojlangan davlatlarda bu
10 nafardan oshmaydi. Sinflarda oʻquvchilar sonini, haftalik dars yuklamasini kamida 5-10 foizga tushirish kerak, dedi davlatimiz rahbari.
Umumtaʼlim maktablarida axborot texnologiyalarining joriy etilishini ham qoniqarli deb boʻlmaydi. Misol uchun, baʼzi maktablarda informatika fani hali hamon eski dasturlash tili asosida oʻtilmoqda, bir qator kompyuter jihozlari yaroqsiz holga kelib qolgan.
Shu bois, maktablarda kompyuter bilan taʼminlanganlik darajasini tanqidiy oʻrganib, ularni jihozlash boʻyicha aniq manzilli dasturlar ishlab chiqish, informatika fanini oʻqitishning zamonaviy uslublarini joriy etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Mamlakatimizda xorijiy tajriba asosida xususiy maktablarni rivojlantirish istiqbolli vazifalardan ekani qayd etildi.
Yigʻilishda maktablarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlarining borishi ham muhokama qilindi. Xalq taʼlimi va Moliya vazirliklari mahalliy hokimliklar bilan birgalikda 2 hafta muddatda maktablarni kuz-qish mavsumiga toʻliq tayyorlash choralarini koʻrish zarurligi taʼkidlandi.
OʻzA