Oʻzboshimchalik bilan qurilgan uyga qonuniy egalik qilish mumkinmi?

Ha, buning imkoni bor. Joriy yilda 11 ming 206 nafar shaxs oʻziga qarashli boʻlgan, lekin noqonuniy qurilgan uyiga qonuniy egalik qilish huquqini oldi.
Xalqimiz obodlikni qadrlaydi va doim shunga intiladi. Puli koʻpaysa, darrov chiroyli imoratlar qurishga chogʻlanadi. Biroq koʻplab soddadil kishilar baʼzan uy qurishning qonuniy talablari haqida oʻylab ham koʻrmaydi.
Ayniqsa, qishloqlarda oʻzboshimcha qurilgan uylarni istagancha topish mumkin. Avvallari bunday uylar noqonuniy qurilma, deb topilib, buzib tashlangan holatlar ham yoʻq emas edi.
– Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 20 apreldagi “Fuqarolarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar hamda oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha bir martalik umumdavlat aksiyasini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi farmoni koʻplab yurtdoshlarimizga mulk huquqi taʼminlanishi uchun imkon berdi, – deydi Adliya vazirligi Qonunchilik bosh boshqarmasi boshligʻi Xudoyor Meliyev. – Sir emas, uy-joyga ega boʻlish va qurishning qonuniy mexanizmlari mavjud boʻlishiga qaramasdan minglab fuqarolar koʻp yillar davomida oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida yakka tartibda uy-joylarni noqonuniy barpo etishgan. Bunday holatlarning yuz berishiga davlat organlari, eng avvalo, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat, shu jumladan, yer kadastri, arxitektura va qurilish sohasidagi vakolatli organlarning beparvoligi ham sabab boʻlgan.
Farmonga muvofiq, Adliya vazirligi hamda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi tomonidan fuqarolarning oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joylariga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida hozirgi kungacha 11 ming 206 nafar shaxs oʻziga qarashli boʻlgan oʻzboshimchalik bilan qurilgan uyiga qonuniy egalik qilish huquqini oldi.
Bu aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, yer uchastkalaridan oqilona va samarali foydalanish, shuningdek, fuqarolarga tegishli boʻlgan turar joylarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishda katta koʻmak boʻldi.
Qayd etish joiz, mazkur aksiya 2019 yil 1 mayga qadar davom etadi.
Aksiya davomida farmon qabul qilingan vaqtga qadar qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joyga nisbatan mulk huquqi ushbu obyektga oʻz shaxsiy mulki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilayotgan shaxsga ayrim shartlar asosida eʼtirof etiladi.
Bu shartlar shundan iboratki, ushbu yer uchastkasi (uchastkaning bir qismi) unga qonun hujjatlariga muvofiq turar joy qurish uchun ajratilishi mumkin boʻlmagan yer maydonida joylashmagan boʻlishi kerak. Oʻzboshimchalik bilan qurilgan imorat shaharsozlik normalari va qoidalari talablarini buzmayotgan boʻlishi zarur.
Shuningdek, uning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmasligi yoxud fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdirmasligi shart.

 

Norgul Abduraimova, OʻzA