Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboyevga tabrik maktubi yoʻlladi

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31-oktyabr kuni Qozogʻiston Prezidenti Nursulton Nazarboyevga ikki tomonlama munosabatlar tarixidagi qutlugʻ sana – Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida Abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi shartnoma imzolanganining 20 yilligi munosabati bilan tabrik maktubi yoʻlladi.
Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati maʼlum qildi.
Davlatimiz rahbari qardosh Qozogʻiston xalqini samimiy tabriklab, ushbu muhim hujjatda umumiy tarix, maʼnaviy va madaniy mushtaraklik bilan bogʻlangan mamlakatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik, qardoshlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalari mustahkamligi belgilab qoʻyilganini taʼkidlagan.
Strategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnoma hamda Strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va ahil qoʻshnichilikni mustahkamlash toʻgʻrisida qoʻshma deklaratsiyaning imzolanishi oʻzaro hamkorlikni izchil rivojlantirishda yangi bosqich boʻlgani qayd etilgan.
Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili doirasida oʻtkazilayotgan madaniy-gumanitar va ishbilarmonlik tadbirlari xalqlarimiz yaqinligining yorqin ifodasidir, deyilgan maktubda.

 

OʻzA