Amerika – Oʻzbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm Oʻzbekiston bilan AQSH oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik istiqbollari haqida OʻzA muxbiriga quyidagilarni soʻzlab berdi:
– Avvalo, Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining yuksak davlat mukofoti – “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlanganimdan gʻoyat mamnun ekanimni aytmoqchiman. Bu mukofot koʻp yillik doʻstona hamkorligimizni yanada rivojlantirish yoʻlida menga katta ishonch va ragʻbat bagʻishlaydi.
Bugungi muzokaramizda Oʻzbekistonda iqtisodiy, investitsiyaviy, shuningdek, meʼyoriy-huquqiy sohalarni takomillashtirish yuzasidan olib borilayotgan muhim oʻzgarishlar haqida fikr almashdik.
Davlatingiz rahbari tashabbusi bilan ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, Oʻzbekiston iqtisodiyotiga xorijiy sarmoyalarni jalb etish boʻyicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Taʼkidlash joizki, Amerika – Oʻzbekiston savdo palatasiga aʼzo kompaniyalar oʻzbekistonlik sheriklar bilan ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha imzolangan anglashuv memorandumlari asosida aloqalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Ushbu kelishuvlar doirasida Amerika kompaniyalari mamlakatingizga 10 milliard dollarlik investitsiya kiritish niyatida.
Oʻzbekiston bilan samarali hamkorligimiz 2017-yil sentyabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi ishtiroki doirasida Nyu-York shahrida oʻtgan uchrashuvimizdan soʻng yangi bosqichga chiqdi. Joriy yil may oyida davlatingiz rahbarining Amerika Qoʻshma Shtatlariga rasmiy tashrifi chogʻidagi muzokaramiz oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirish yoʻlida muhim qadam boʻldi. Ushbu tadbirda Oʻzbekiston bilan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha salmoqli hujjatlar imzolandi.
23-oktyabr kuni boshlanadigan Amerika biznesi haftaligi tadbirlari oʻzbekistonlik sheriklar bilan oʻzaro hamkorlikning yangi imkoniyatlarini ishga solishga xizmat qiladi. Ushbu tadbirlarda qator hujjatlar imzolashni moʻljallayapmiz. Bu amerikalik sarmoyadorlar tomonidan Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritilayotgan investitsiyalar hajmini yanada oshirishda muhim omil boʻladi.