Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim Qoraqalpogʻistonga keldi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi M.Yerniyazov Szyan Yan xonim bilan uchrashdi. Unda mehmonga hududning tabiati, geografik joylashuvi, qoraqalpoq xalqi madaniyati, milliy boyliklari va maʼmuriy boshqaruv tuzilishi haqida maʼlumot berildi. Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi munosabatlar barcha sohalarda yangi bosqichda jadal rivojlanayotgani taʼkidlandi.
Orol dengizining qurishi nafaqat ushbu mintaqa, balki butun dunyo hamjamiyatining muammosiga aylandi. Hududda yuzaga kelgan ekologik muammolarni bartaraf etish, aholining turmush farovonligini yuksaltirish boʻyicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Tashrif doirasida mehmonlar ayrim loyihalar bilan tanishdi.
Elchi, shuningdek, BMT Taraqqiyot dasturining Qoraqalpogʻistondagi ofisida boʻlib, “Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha Koʻpsheriklik fondini tashkil qilish orqali Orol fojiasidan zarar koʻrgan aholining turmush sharoiti salohiyatini mustahkamlash” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Mazkur loyiha Qoraqalpogʻistonning Shumanay, Moʻynoq va Taxtakoʻpir tumanlari aholisi bandligini taʼminlash va turmush sharoitini yaxshilashdan iborat.
Mehmon kunning ikkinchi yarmida Amudaryo tumanida boʻlib, “Loyiha hududlarining suv bilan taʼminlanish darajasini koʻtarish uchun Amudaryo va kanallarni tozalaydigan uskunalarni sotib olish” loyihasi doirasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Yesimxon Qanoatov, OʻzA