Turizm yarmarkasida Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyati namoyish etilmoqda

Poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar majmuasida 3 oktyabr kuni “Ipak yoʻlida turizm“ 24-Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi ochildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va BMTning Jahon sayyohlik tashkiloti tomonidan Madaniyat vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirning ochilish marosimida mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning sayyohlik boʻyicha firma va kompaniyalari, mehmonxonalar mutaxassislari, diplomatik korpus, xizmat koʻrsatish sohasi vakillari, hunarmandlar ishtirok etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning doimiy eʼtibori natijasida Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatini yanada yuksaltirish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Turizmni mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmogʻiga aylantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2016-yil 2-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq soha rivoji uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratilayotgan boʻlsa, 2018-yil 3-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida“gi farmoni yurtimiz turizm salohiyatini oshirish, sohaga investitsiyalar jalb qilish, innovatsion gʻoya va texnologiyalarni joriy etishda huquqiy asos boʻlib xizmat qilayotir.

Oʻzbekiston Respublikasi hukumatining xalqaro yarmarka ishtirokchilariga tabrigini Bosh vazir oʻrinbosari A.Abduhakimov oʻqib eshittirdi.

7.JPG

46.JPG
Tadbirda Oʻzbekistonda sayyohlik infratuzilmasi izchil rivojlanayotgani, turistlarni keng jalb qilish maqsadida yangi loyiha va tarmoqlar ishga tushirilayotgani, zamonaviy kadrlar tayyorlashda Samarqand shahrida ochilgan “Ipak yoʻli” xalqaro turizm universiteti muhim oʻrin tutishi alohida qayd etildi.

Maʼlumotlarga koʻra, 2017-yilda dunyo boʻyicha sayyohlar soni 1 milliard 322 millionni tashkil qilgan. Bu 2016-yilga nisbatan 7 foizga koʻp demak. Bunday surʼat 2018-yilda ham davom etib, oʻrtacha 4-5 foizga oʻsishi kutilmoqda. Ushbu raqamlar jahon iqtisodiyotida sayyohlik sohasining nechogʻlik muhim oʻrin tutishini koʻrsatadi. Zero, turizm resurslari tabiiy boyliklar kabi vaqt oʻtishi bilan kamaymaydi, aksincha, ommalashib boraveradi.

Toshkentda oʻtkazilayotgan ushbu xalqaro sayyohlik yarmarkasi oʻzining koʻlami va ishtirokchilari soni, milliy stendlarda namoyish etilayotgan koʻrgazmalar miqyosi va boy mazmuni bilan ajralib turadi. Unda Qozogʻiston, Janubiy Koreya, Xitoy, Tailand, Misr, Singapur, Malayziya, Ozarbayjon, Hindiston, Turkiya, Misr, Rossiya, Chexiya, Ukraina singari qator davlatlardan 60 ga yaqin firma va kompaniya vakillari ishtirok etmoqda.

– Toshkent turizm yarmarkasida ikkinchi bor qatnashyapman, – deydi Isroilning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Eduard Shapira. – Aytishim mumkinki, bu galgi tadbir oldingilaridan tubdan farq qiladi. Qisqa vaqtda Oʻzbekistonda turizm sanoatini jadal taraqqiy ettirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Mamlakatingizda koʻplab davlatlar qatori Isroil fuqarolari uchun ham viza tartibining bekor qilinganini ana shunday muhim oʻzgarish sifatida qayd etmoqchiman. Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 4 mingdan ziyod isroillik sayyoh Oʻzbekistonning tarixiy shaharlari, boy madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻldi. Oʻtgan yilning shu davriga qaraganda bu ikki barobar koʻp. Doimiy tarzda oʻtkazib kelinayotgan sayyohlik yarmarkalari ushbu sohadagi hamkorligimizni yuqori darajaga olib chiqish imkonini beradi.

Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasida yirik tarmoqli mehmonxona majmualari hamda xususiy uy-mehmonxonalar, sanatoriylar, kurortlar, avtotransport kompaniyalari, temir yoʻllar va aviatashuvchilar, turoperatorlar, turagentlar, turbiznes va boshqa sayyohlik xizmatlari, muzeylar hamda teatrlarning xizmatlari namoyish etilmoqda. Yarmarkada madaniy-tarixiy, biznes, sport va ekologik sayohatlar, xizmat koʻrsatish va servis sohasi, sogʻlomlashtirish, gastronomik, ekstremal, yoshlar turizm kabi yoʻnalishlarga oid boʻlimlarda sayyohlik sanoatining barcha zamonaviy yoʻnalishlari qamrab olingan.

66.JPG

79.JPG
80.JPG
Milliy koʻrgazmalar pavilonida yangi loyiha – “Hunarmandlar shaharchasi“, “Rassomlar xiyoboni“ tashkil qilingan. Oʻzbek dizaynerlari yaratgan liboslar, “Sharq bozori“ koʻrgazmasi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Bir soʻz bilan aytganda, milliy pavilondan mamlakatimiz hududlarining madaniyati, sayyohlik salohiyatini namoyish etuvchi taqdimot stendlari oʻrin olgan. Ularda har bir viloyatning oʻziga xos milliy urf-odati, turizm imkoniyatlari namoyish etilmoqda.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan ilk bor yarmarka doirasida axborot stendi taqdim etildi. Ishtirokchilar va mehmonlar ushbu stendlar orqali turizm sohasidagi xizmatlar – litsenziyalash, attestatsiyadan oʻtkazish va seminar-treninglar haqida maʼlumot olishlari mumkin.

Oʻzbek oshxonasi oʻzining mazali taomlari, rang-barang tayyorlash usuli bilan mashhur. Buyuk ipak yoʻli chorrahasida joylashgan Oʻzbekiston asrlar davomida nafaqat madaniyatlararo muloqot markazi sifatida nom qozondi, balki turli davlatlar turfa taomlarini bir diyor oshxonasida jamlay oldi. Bu yarmarka doirasida oʻtkazilgan anʼanaviy taom tayyorlash – “Ipak yoʻli taʼmi” nomli milliy taomlar festivalida yana bir bor oʻz tasdigʻini topdi.

Yarmarka va “Hosted Buyers“ dasturi ishtirokchilari xalqimizning savdo-sotiq madaniyati, milliy maʼnaviyat, ijodkorlik salohiyati, mehmondoʻstlik kabi ezgu qadriyatlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻlmoqda.

 

Ulugʻbek Shonazarov, Temur Mamadaminov (surat), OʻzA