“Big data” va “Blokcheyn” bizga nima uchun kerak?

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida “UzGeeks Community” jamoasining “UzGeeks September 2018 Meetup“ tadbiri boʻlib oʻtdi.

Unda yurtimizning yetakchi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari kompaniyalarining mutaxassislari, professor-oʻqituvchilar, talaba-yoshlar qatnashdi. Shuningdek, tadbirda qiziqarli maʼlumotlarga boy taqdimotlar namoyish etildi.

Dastlab “UMS” uyali aloqa kompaniyasining Axborot texnologiyalari departamenti monitoring boʻlimi mutaxassisi Jahongir Yovmuddinov “Vig data” haqida tushuncha berdi. Uning texnik tuzilishi, katta kompaniyalarda qoʻllanilishi ishtirokchilarda qiziqish uygʻotdi.

Mutaxassisning fikricha, “Vig data”, yaʼni “katta maʼlumot” atamasi yirik hajmdagi maʼlumotlar omborini boshqarish, saqlash va analiz qilishga nisbatan aytiladi. Bundan tashqari, taqdimotda “Vig data”ning texnik tuzilishi haqida ham kerakli maʼlumotlar aytildi.

Jumladan, “Google” qidiruv tizimi bir kunda bir petabaytdan ortiq maʼlumotlarni qayta ishlaydi. “Facebook” ijtimoiy tarmogʻiga soatiga 10 milliondan ortiq rasm yuklasa, “You Tube” video xizmatiga har soniyada bir soatdan ortiq videolar joylanar ekan.

Tadbirda ikkinchi taqdimot borasida “Pragmatik Solutions” kompaniyasi yetakchi mutaxassisi Farrux Tashbulov tomonidan tushunchalar berildi.

Unda hozirda eng zamonaviy va hali toʻliq rivojlanishga, tarqalishga va tatbiq etilishga ulgurmagan “blokcheyn” texnologiyasi tarixi, maqsadi, imkoniyatlari, qulayliklari haqida keng maʼlumot berildi.

Taqdimotda “blokcheyn” texnologiyasining boshqa atama va tushunchalari ham aytildi. Mutaxassis fikricha, “blokcheyn” dunyoning yetakchi mamlakatlarida shiddat bilan rivojlanib kelmoqda.

Oʻzbekistonda ham ushbu texnologiyadan foydalanish ommalashishi kutilmoqda. Agar ushbu texnologiyani kundalik hayotimizda toʻgʻri qoʻllay olsak, jamiyatimizdagi koʻplab muammolarga zamonaviy innovatsion texnologiyalar yordamida yechim topgan boʻlamiz.

 

Gulnoza Boboyeva, OʻzA