Endi Hindistonda ham kichik biznes vakillari uchun vakolatxona bor

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga tashrifi doirasida Nyu-Deli shahrida Oʻzmilliybank huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi oʻz vakolatxonasini ochdi.
Vakolatxonaning asosiy vazifasi Hindiston bozorida marketing tadqiqotlarini oʻtkazish, xorijiy hamkorlarni topish, mahalliy brendlar reklamasini taʼminlash, koʻrgazma, yarmarka, tender savdolari va boshqa tadbirlarda tadbirkorlarning ishtirokini tashkillashtirishdan iborat.
Qolaversa, vakolatxona xorijlik ishbilarmon doira vakillarining yurtimizda biznes faoliyatini yuritish uchun yaratilgan sharoitlar haqidagi maʼlumotlar bilan tanishtirib, ularning oʻz sarmoyalarini kiritishga jalb qilishda faol ishtirok etadi.
Vakolatxona ochilishi munosabati bilan jamgʻarmaning Nyu-Deli shahridagi vakolatxonasi koʻmagida Hindistonning “ADITYA EXPORT” va Oʻzbekistonning “Ozbekiston Shampani” kompaniyasi oʻrtasida ilk shartnoma tuzildi. 1 million dollarga imzolangan shartnomaga koʻra, joriy yilning dekabr oyidan boshlab, vino mahsulotlari Hindistonga yetkazib beriladi.

 

OʻzA