Tadbirkorlik muhofazasida muammolar bor(mi?)

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi va Savdo-sanoat palatasi tomonidan “Oʻzbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilishning dolzarb masalalari” mavzusida oʻtkazilgan konferensiyada shu haqda soʻz bordi.
Unda deputatlar, tegishli vazirliklar, qoʻmita va tashkilotlar mutasaddilari, ekspertlar, olimlar, tadbirkorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Yurtimizda 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida ijro etish, biznes hamjamiyati va davlat organlari oʻrtasida samarali muloqot, sogʻlom sherikchilik mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish, xususiy mulkchilik va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari, qonuniy manfaatlarini ishonchli muhofaza qilishni kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Tadbirkorlar bilan biznes-muhitni takomillashtirish masalalari boʻyicha dolzarb axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyish, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, oʻz biznesini tashkil etish va yuritishda aholiga har tomonlama koʻmaklashish, tadbirkorlik subyektlariga sifatli davlat xizmatlari koʻrsatishni taʼminlash masalasi ancha sust ekani koʻzga tashlanmoqda.
Konferensiyada mutaxassislar bu boradagi taklif va tavsiyalarini berdi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishini taʼminlash, xususiy mulkni muhofazalash va uning daxlsizligini yanada mustahkamlash, sohadagi byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash diqqat markazida boʻlib turibdi. Bu saʼy-harakatlar natijasi esa, nafaqat mamlakatimiz va xalqimiz hayotida, balki yetakchi xalqaro moliyaviy tashkilotlar va reyting agentliklarining ijobiy baholarida ham xolisona aks etmoqda. Xususan, Jahon bankining “Biznesni yuritish – 2018” hisobotida Oʻzbekiston tadbirkorlik uchun yanada qulay sharoitlar yaratish boʻyicha islohotchi davlatlar qatorida jahonda birinchi oʻntalikka kirgani qayd etilgan.
Ammo bu hali yetarli emas. Qolaversa, quvonishga erta. Ayni yoʻnalishda yanada ilgarilashdek muhim vazifa turibdi. Buni mazkur anjuman ishtirokchilari alohida taʼkidladi. Yurtni taraqqiy ettirish, xalqni boy qilishning yagona chorasi bu tadbirkorlikni yanada kuchaytirish, oddiy odamlarni ishbilarmonlikka oʻrgatish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash bilan bevosita bogʻliq.
Oʻzbekiston Respublikasining “Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi qonuni (yangi tahriri) qabul qilinishi esa, kelgusida tadbirkorlik tashabbusini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlarni taʼminlash, biznes hamjamiyati hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar oʻrtasida oʻzaro manfaatli sheriklikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari, qonuniy manfaatlarini muhofazalash kafolatlarini kuchaytirish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, tadbirkorlik subyektlarining tashqi iqtisodiy faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashda huquqiy asos vazifasini oʻtamoqda.
Prezidentning joriy yil 29 iyundagi “Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida”gi farmoni sohada muhim yangiliklarni hayotga tatbiq etishda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.
Bu kabi chora-tadbirlar Oʻzbekistonda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilishda keng imkoniyatlar yaratadi.
Konferensiyada mazkur sohada qoʻlga kiritilayotgan yutuqlar bilan bir qatorda, yechimini kutayotgan ayrim muammo va kamchiliklar atroflicha tahlil qilindi. Mutaxassis, ekspert va tadbirkorlarning mazkur muammolarni bartaraf etishga doir fikr-mulohazalari tinglandi.

 

Barno Meliqulova, OʻzA