Osiyo taraqqiyot banki Toshkentda mintaqaviy seminar oʻtkazdi

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) joriy yilning 25-28 sentyabr kunlari Toshkentda “Kichik biznesni kreditlashda xatarlarni boshqarish” mavzusida mintaqaviy seminar oʻtkazdi.

Toʻrt kunlik seminarda mamlakatimiz vakillaridan tashqari, Qirgʻiziston, Pokiston davlatlarining markaziy va tijorat banklari mutaxassislari kredit, operatsion xatarlarni boshqarish va baholash tamoyillari, pul oqimlari va mijoz kafolatlarini tahlil qilish borasida tajriba almashdi. Shuningdek, tinglovchilar OTB ekspertlari ishtirokida kichik biznesda xatarlarni kamaytirish usullari, banklar kredit portfeli koʻrsatkichlarini takomillashtirish kabi masalalarda muhokamalar oʻtkazdi.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, ushbu seminarni OTB maslahatchisi Martin Kroll, investitsiyalar boʻyicha bosh mutaxassis Asif Chima kabi tajribali ekspertlar olib bordi.

Seminarning soʻnggi kuni OTBning moliyaviy masalalar va xatarlarni boshqarish boʻyicha vitse-prezidenti Ingrid van Vis xonim ishtirokida oʻtdi. U oʻz chiqishida OTB Osiyo-Tinch Okeani mintaqasidagi koʻplab tijorat banklari hamkorligida kichik biznesni rivojlantirishga koʻmak beryotgani, xususan, ayni jarayon Oʻzbekiston misolida olinadigan boʻlsa, OTB 1996 yildan buyon savdo moliyalashtirish dasturlari orqali kreditlar, investitsiyalar bilan mahalliy ishbilarmonlarni qoʻllab-quvvatlab kelayotganini qayd etdi.

OTBning navbatdagi mintaqaviy seminari Qozogʻiston poytaxti Ostona shahrida oʻtkaziladi.

photo5287230150582315387.jpg

 

Malohat Husanova, OʻzA