Ertaga poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar majmuasida “OʻZMЕDEKSPO-2018” oʻn birinchi xalqaro ixtisoslashtirilgan koʻrgazma ochiladi.
Prezidentimizning shu yil 2 avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasida sogʻliqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilayotgan ushbu tadbir aholiga tibbiyot xizmatlari koʻrsatishni tubdan yaxshilash, sohaga xorijiy sarmoyalarni jalb qilish, zamonaviy texnologiyalar va innovatsion texnologiyalarni keng joriy etishga qaratilgan.
Unda Oʻzbekiston, Hindiston, Qozogʻiston, Xitoy, Janubiy Koreya, Pokiston, Rossiya, Slovakiya, Turkiya va Shveysariyaning nufuzli kompaniyalari eng soʻnggi ishlanmalar, yangi texnologiyalar, davolash va diagnostikaning ilgʻor usullarini namoyish etishga muvaffaq boʻladi.
Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 26-28 sentyabr kunlari oʻtkaziladigan mazkur koʻrgazma sogʻliqni saqlash sohasidagi eng yangi yutuqlardan xabardor etib, tajriba va axborotlar almashish imkoniyatini yaratadi.