Dehlida Oʻzbekiston madaniy merosiga bagʻishlangan kitoblar taqdimoti boʻlib oʻtdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga davlat tashrifi arafasida Dehlidagi Lal Bahodur Shastri xotira majmuasida “Oʻzbekiston madaniy merosi dunyo sanʼat xazinalarida” turkumidagi 10 jildlik kitoblar taqdimoti oʻtkazildi.

Hindistondagi Oʻzbekiston – Hindiston doʻstlik jamiyati raisi Anil Shastri, mamlakatimizning ushbu davlatdagi Favqulodda va muxtor elchisi Farhod Arziyev va boshqalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga ilk davlat tashrifini ikki mamlakat xalqlari katta qiziqish bilan kutayotganini taʼkidladi. Tashrif davomida kutilayotgan uchrashuv va muzokaralar Markaziy va Janubiy Osiyoning ulkan salohiyatga ega ikki davlati oʻrtasidagi manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishda yangi istiqbollar ochishiga ishonch bildirildi. Madaniy-gumanitar sohadagi faol aloqalar oʻzbek va hind zamini farzandlarini tinchlik va birdamlik ruhida kamol toptirishda muhim ahamiyatga ega.

“Oʻzbekiston madaniy merosi dunyo sanʼat xazinalarida” turkumida xalqimizning xorijdagi muzeylarda saqlanayotgan boy madaniy-maʼrifiy merosi namunalari jamlangan.

Mazkur loyiha tashabbus guruhi bugungi kunda taniqli oʻzbek va hind olimlari bilan hamkorlikda Hindistonning yirik muzey, kutubxona va boshqa xazinalarida saqlanayotgan ilmiy-madaniy merosni oʻrganmoqda. Ilmiy izlanishlar natijalari kelgusida turkumning yangi nashrlariga kiritiladi.

Kitoblar taqdimoti Dehlidagi Javaharlal Neru universiteti, Jamiya Milliya islom universiteti, Jome masjidi va Hindiston islom madaniyati markazida ham tashkil etiladi.

25-sentyabr kuni Hindiston milliy muzeyida “Hindiston – Oʻzbekiston: madaniyatlararo muloqot” qoʻshma koʻrgazmasi ochiladi.

 

Dilobar Mamatova, OʻzA