Joriy yilning 26-27 sentyabr kunlari Toshkentdagi “Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Igor Moiseyev nomidagi Rossiya davlat akademik xalq raqs ansamblining konserti boʻlib oʻtadi.

Konsert dasturi jahon va Rossiya xalqlarining oʻziga xos turfa raqslaridan iborat.

Igor Moiseyev raqslari konsertlariga tashrif buyuruvchilar “Xalqlar doʻstligi” ordeni bilan taqdirlangan mashhur jamoa tomonidan namoyish etiladigan Rossiya,Tatariston, Moldova, Argentina, Koreya va boshqa mamlakatlarning raqs madaniyati namunalari bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Toshkentda afsonaviy ansamblning chiqishlari Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Maʼlumot oʻrnida: Dunyoga mashhur raqs ansambli 1937-yilda xoreograf Igor Moiseyev tomonidan tashkil etilgan. Ansambl tomonidan namoyish etiladigan har bir raqs butun bir spektaklga oʻxshash. Jamoaning safarlar xaritasida 70 dan ortiq davlat boʻlib, repertuarida esa 200 dan ziyod raqslar mavjud.

 

Dilobar Mamatova, OʻzA