Sergey Obrazsov nomidagi Rossiya davlat markaziy akademik qoʻgʻirchoq teatri joriy yilning 19-21 oktyabr kunlari Oʻzbekiston davlat akademik rus drama teatrida oʻzining musiqiy dasturini yurtimiz sanʼat muxlislariga taqdim etadi.
Poytaxtimizda Rossiya Federatsiyasining musiqiy, teatr jamoalari, sanʼat namoyandalarining ijodiy safarlarini muntazam oʻtkazish yaxshi anʼanaga aylangan. Ayni paytda Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatri, Oʻzbekiston davlat akademik rus drama teatri, Oʻzbekiston yoshlar teatri jamoalari Rossiyada oʻtadigan festivallar, koʻrik-tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda.
Mashhur qoʻgʻirchoq teatri jamoasi 1931 yilda sanʼat arbobi Sergey Obrazsov tomonidan tashkil etilgan. Turli ijodiy eksperimentlar, musiqa, zavqli satira, asarlarni sahnalashtirish jarayonidagi oʻziga xos yondashuv jamoa faoliyatida ustuvor oʻrin egallaydi.
Teatrning kattalar uchun moʻljallangan, qoʻgʻirchoqlar ijrosining bor imkoniyatlarini namoyish etuvchi “Gʻaroyib konsert“ (“Neobыknovennыy konsert“) nomli afsonaviy spektakli parodiyali hazil uslubidagi tomosha boʻlib, 19 va 20 oktyabr kunlari namoyish etiladi. Sergey Obrazsov hamda Semyon Samodur asari asosidagi ushbu zavqli spektaklning ilk premyerasi 1946 yilda yaratilgan boʻlsa-da, u hanuz sahnalardan tushmay kelmoqda. 10 ming marotabadan ortiq oʻynalgan ushbu mashhur spektaklni musiqachi va raqqosalar, sirk ustalari va koʻzboylagʻichlarga quvnoq taqlid etilgan tomosha deyish mumkin. Ushbu sahna asari koʻplab shaharu yurtlarni aylanib chiqib, XX asrning eng mashhur spektakllari sirasidan hamda Ginnesning rekordlar kitobidan oʻrin olgan.
21 oktyabr kuni esa jajji tomoshabinlar uchun Samuil Marshakning “Mushukchaning uyi“ (“Koshkin dom“) spektakli namoyish etiladi.