Sankt-Peterburgda oʻzbek rassomlari koʻrgazmasi ochildi

Sankt-Peterburg “Doʻstlik uyi” koʻrgazmalar zalida ikki oʻzbek rassomining asarlari namoyish etildi. Ular chizgilarida oʻzbekona fazilat, dunyoni anglash, voqelikka bagʻrikenglik bilan yondashuv kabi xususiyatlar aks etadi.

Nazokat Qosimova Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutini tugatgach Sank-Peterburg davlat universitetida sanʼat yoʻnalishi boʻyicha magistratura va aspiranturada oʻqidi.

U magistrlik ishidayoq dunyoga mashhur Ermitaj xazinasida saqlanayotgan Sharqiy Turkistondan topilgan buddaviylar gʻor-ibodatxonasi devorlariga ishlangan suratlarni oʻrganib, tiklash uslublarini ishlab chiqdi. Ming yillar davomida saqlangan noyob chizgilar Nazokat moʻyqalami yordamida qayta dunyoga keldi. Ermitaj ilmiy jamoasi bu noyob qobiliyatni munosib baholab, Nazokatni monumental tasvirlarni restavratsiya qilish ilmiy laboratoriyasiga ishga taklif etdi. Hozirda Nazokat jahon sanʼati durdonalari, bebaho tarixiy obidalardagi chizmalar saqlanadigan hazinada faoliyat yuritib, oʻz ilmiy tadqiqotini davom ettirayapti.

Iqtidorli rassom, ayniqsa, portret janrida ishlashni yoqtiradi. Inson ichki dunyosini begʻubor ranglarda ochib bera oladi.

– Men qahramonimdagi umidvorlikni yoqtiraman, – deydi Nazokat Qosimova. – Umid – baxt va doimiy kurashning kaliti. U qalbga quvvat beradi, odamni doimiy intilish, kurashishga chorlaydi. Umid – hayot maʼnosi, mazmuni, deb bilaman.

N.Qosimovaning ijodiy ishlari bugungacha Oʻzbekiston, Rossiya, Germaniyadagi koʻrgazmalarda namoyish etildi va munosib taqdirlandi.

– Nazokat olamni tiyran koʻz va hayotiy mantiq bilan koʻradi. Uning asarlaridagi oddiylik aslida insonni ulugʻlash, unga berilgan umr barcha neʼmatlardan yuqori turishini falsafiy qarashlarda ifodalaydi, – deydi rossiyalik jurnalist va sanʼatshunos Nina Novikova.

Oʻzbekistonlik rassom Murodilla Doniyorovning koʻrgazmaga qoʻyilgan rangtasvir suratlari moʻyqalam ahlini hayratga soldi. Tabiat, yeru osmonga mutlaqo yangicha yondashuv chizgilari oʻzgacha ranglarda tasvirlangan.

Ulardagi har bir detal, u hoh quyosh nuri boʻlsin, hoh gul barglari, yoki moviy osmonda osilib qolgan bulut parchasimi, rassomning ichki kechinmalari, ruhiyati hamda kayfiyati oʻziga xos tarzda tasvirlangan. Asli samarqandlik boʻlgan M.Doniyorov uzoq yillardan buyon Sankt-Peterburgda yashaydi.

– Biz hayotni tasvirlashda koʻproq toʻq ranglardan foydalanamiz. Qora boʻyoqni har bir kartinamiz leytmotivida uchratasiz. Lekin Murodilla ijodida bularni mutlaqo koʻrmaysiz. U hayotni yorqin ranglarda, qoʻyosh nurlari yorugʻligida, quvnoq ohangda, yengil kompozitsiyalarda tasvirlashni ustun qoʻyadi. Ochigʻi, men bu koʻrgazmadan keyin rang tanlash uslubini qayta koʻrib chiqishga qaror qildim, – deydi rossiyalik mashhur rassom Valeriy Ilyushkin. – Hali men osmon, musaffo quyosh nuriga burkangan osmon bunchalar ohorli tasvirlangan kartinani uchratmagandim.

– Murodilla Doniyorov asarlariga boʻlgan bunday katta qiziqish endi uning koʻrgazmasini Rossiya Prezidentining Sankt-Peterburgdagi kutubxonasida ham namoyish etish fikriga olib keldi, – deydi “Doʻstlik uyi” rahbari Viktor Mixaylenko. – Biz bu boʻyicha tayyorgarlikni boshlab yubordik.

Har ikki oʻzbek rassomining ijodiy koʻrgazmasi Sankt-Peterburg madaniy hayotida unutilmas voqea boʻldi. Taniqli rassomlar, sanʼatshunos mutaxassislar ularning ijodini yuqori baholadi.

Muhammadjon Obidov,
Sankt-Peterburg shahri

 

O’zA