Qoraqalpoq xalqining oʻziga xos milliy qadriyatlaridan biri oʻtov – qora uy hisoblanadi. Qora uy oʻzining qurilishi, koʻrinishi bilan boshqa xalqlar oʻtovidan ajralib turadi.
Bugun qora uylardan hudud turistik salohiyatini oshirishda keng foydalanilmoqda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyida, I.Saviskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat sanʼat muzeyida qoraqalpoq oʻtoviga barcha buyum va uskunalari bilan maxsus oʻrin ajratilgan.
Bugungi kunda Ayozqalʼa, Tuproqqalʼa yoki Moʻynoqda va hatto Orol dengizi boʻylarida ham oʻtovlar tikilgan. Bular xorijiy sayyohlarda oʻziga xos taassurot qoldiradigan maskanlarga aylangan.
Oʻtov tiklashda ishlatiladigan ashyolar tayyorlaydigan ustalarni “uychi” deyishadi. Bu kasb ularga ota meros. Hozirgi Qoraqalpogʻiston hududining aksariyat qismida ana shunday ustalar boʻlgan va ular yashaydigan qishloqlar “uychi ovul” deb yuritilgan. Bunday nomdagi qishloqlarni hozir ham uchratish mumkin.
Qora uy 3 bosqichda ishlanadi – dastlab, kerege (yogʻoch panjara), undan soʻng shaniroq (qora uyning tom qismi), soʻnggi bosqich uviq (tirgak) deb yuritiladi.
Ushbu qismlarni tayyor holga keltirish ancha murakkab jarayon boʻlib, quritilgan yogʻoch birmuncha vaqt suvda saqlanadi. Keyin yana quritiladi, qobigʻi archiladi va kerakli yoʻgʻonlikka keltiriladi. Soʻng yana suvga solib, maxsus pech moʻrisiga qoʻyiladi. Loydan ishlanadigan ushbu moʻrining boʻyi 180, eni 90-100 santimetr boʻladi. Pechdagi tutun taʼsiri bilan yogʻoch yumshaydi va oson egiladi. Bu jarayon “yogʻochni islash” deb ataladi. Uviqlar uzunligi 2 metrdan ziyodroq yogʻochdan tayyorlanib, “tez” deb nomlangan maxsus uskunada egiladi. Bosh qismida ip bogʻlanadigan teshigi boʻlib, uchi tigʻli keladi. Qora uyning yogʻoch panjarasi ham “tez”ga solish bilan egiladi, panjara bilan tirgak egilgandan keyin “koʻklash” boshlanadi.
Shaniroq – qora uyning eng muhim qismi boʻlib, u gumbazsimon doiradan iborat. Shaniroqning oʻrtasiga egilib ishlangan ikki qatorli yarim doira yogʻoch “toʻgʻin” deyiladi. Aynan ushbu toʻgʻin qora uyni boshqa xalqlar oʻtovidan ajratib turadi.
Kora uyning yana bir qismi erganak, yaʼni eshik deb yuritiladi. Uni boshqa usta ishlaydi. Erganak oʻyma naqshlar bilan bezaladi va qizil rangga boʻyaladi
Qora uyning 6, 8, 12 qanotli turlari bor. 5 qanotli uylar kam uchraydi. Odatda, 6 qanot uylar yosh oilalar uchun maxsus tikilgan. 8 qanotli uylar esa oiladagilar soni koʻpayganidan soʻng tikilgan. Eng yirik – 12 qanotli uy qishloq tashqarisidagi “Maslahat tepa”ga tikilib, unda ogʻalar, yaʼni biylar va beklar el-yurt taqdiri bilan bogʻliq muhim masalalarni hal qilish uchun yigʻilgan. Qora uy bezak buyumlarining barchasi qoʻlda ishlangan, yaʼni oʻrmakda toʻqilgan. Kigiz asosan qoʻy, arqon esa tuya junidan tayyorlangan.
Qora uyga naqshli bezaklariga qarab oq oʻtov, boʻz oʻtov deb taʼrif berilgan. Qora uyning oʻrtasida toʻrt qirrali oʻchoq oʻrnatilib, tutuni uy tuynugidan chiqib ketadi. Uy ichida qarshin – koʻrpa-toʻshak ostiga qoʻyiladigan va ichiga narsa solinadigan buyum qoʻyiladi.
Oʻtovning oʻng tomonida yoshiga qarab erkaklar, soʻl tomonida xotin-qizlar oʻtiradi. Oʻng tomon muqaddas hisoblangan va erkaklar oʻtirgan oʻrinni xotin-qizlar bosishi qatʼiy taqiqlangan. Qora uyning eshigi past boʻlgani uchun ichkariga engashib kiriladi. Bu uyga taʼzim qilib kirish zarurligini anglatgan.
Hozirda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Chimboy tumanida 20 dan ortiq uychi – oʻtov tiklovchilar faoliyat koʻrsatmoqda. Ular mamlakatimizda yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlardan foydalanib, hududda turizmni rivojlantirishga hissa qoʻshmoqda.