Pensionerlar savollariga batafsil javob oldi

Savol: Oʻzim pensiyadaman. Maʼlum sababga koʻra xorijga ketib, oradan 3 yil oʻtgandan soʻng uyimga – Oʻzbekistonga qaytib kelganimda pensiyam toʻliq toʻlab beriladimi? (Fuqaro B.T. Guliston shahridan).
Javob: Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonuniga asosan pensionerga hisoblab chiqarib qoʻyilgan, lekin uning tomonidan oʻz vaqtida talab qilib olinmagan pensiya puli pensiyani olish maqsadida murojaat etilganidan oldingi oʻn ikki oydan oshmagan davr uchun toʻlanishi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 8 sentyabrdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan nizomga asosan Pensiya jamgʻarmasi boʻlimining aybi bilan oʻz vaqtida olinmay qolgan pensiya puli oʻtgan davr uchun muddati cheklanmagan holda toʻlanadi.
Bu holatda oʻtgan davr uchun toʻlovlar bir yoʻla tegishli oylar uchun hisoblab chiqarib qoʻyilgan va olinmagan pensiyaning summalariga mos miqdorda toʻlanadi.
Bu kabi savol-javoblar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi Sirdaryo viloyati boshqarmasi mutasaddilari tomonidan tuman va shaharlarda oʻtkazilayotgan sayyor qabullarning asosiy yoʻnalishi boʻlmoqda.
Soha vakillarining Guliston shahrida boʻlib oʻtgan sayyor qabulida ham aholiga pensiya tizimida boʻlayotgan yangiliklar haqida maʼlumotlar berildi. Nuroniylar va mahalla fuqarolar yigʻini raislari tomonidan berilgan savollarga mutasaddi xodimlar batafsil javob qaytardi.
Sayyor qabul doirasida hal qilib boʻlmaydigan, qoʻshimcha oʻrganish talab etiladigan murojaatlar boʻyicha pensiya jamgʻarmasining masʼul xodimlariga topshiriqlar berildi.
Ochiq muloqotlar belgilangan reja asosida viloyatning barcha hududlarida boʻlib oʻtadi, deyiladi viloyat hokimligi axborot xizmati bergan xabarda.

 

Ikrom Avvalboyev, OʻzA