Dekabr oyida “Toshkent quvonchlari“ VII xalqaro bolalar rasmlari biyennalesi boʻlib oʻtadi

Ushbu loyiha oʻgʻil-qizlarning eng samimiy va pokiza orzulari, tasavvur va xayolot olamini eng yorqin va rangin boʻyoqlarda aks ettiruvchi xalqaro miqyosda alohida tan olingan koʻrgazma sanaladi.

Xalqaro biyennale bolalar badiiy ijodiyotini qoʻllab-quvvatlash, Oʻzbekiston bolalarining dunyo mamlakatlaridagi tengdoshlari bilan oʻzaro ijodiy muloqot va turli madaniyatlar haqida tasavvurni boyitish maqsadida oʻtkaziladi.

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan Tashqi ishlar, Xalq taʼlimi vazirliklari, Yoshlar ittifoqi, YUNISЕFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi bilan birgalikda oʻtkaziluvchi ushbu koʻrgazmaga hozirdanoq yurtimiz va xorijiy davlatlarning bolalaridan koʻplab rasmlar kelmoqda.

Biyennalening koʻrgazmalari Markaziy koʻrgazmalar zali, Toshkent Fotosuratlar uyi va Xalqaro madaniyat karvon saroyi pavilonlarida boʻlib oʻtadi. Unda 5 yoshdan 15 yoshgacha boʻlgan ishtirokchilar oʻz suratlari bilan qatnashishi mumkin.

Gran-pri biyennalening bosh sovrini hisoblanadi va u diplom bilan birgalikda bitta ishtirokchiga topshiriladi. Shuningdek, eng yaxshi ijodiy ish sohiblari oltin, kumush, bronza medallari, esdalik sovgʻalar bilan taqdirlanadi. Ishlari koʻrgazmaga qoʻyilgan ishtirokchilarga “Toshkent quvonchlari” IV xalqaro bolalar rasmlari biyennalesining sertifikatlari beriladi.

Turli davlat va nodavlat tashkilotlar, xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalari tomonidan “Mavzuni eng yaxshi yoritganligi uchun”, “Kasbiy mahorat uchun”, “Ijodiy xayolot” va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha ragʻbatlantiruvchi sovrin hamda mukofotlar taʼsis etilgan.

 

Nazokat Usmonova, OʻzA