Shu kunlarda mamlakatimizda musulmon dunyosining eng nufuzli moliya muassasalaridan biri – Islom taraqqiyot banki guruhi prezidenti Bandar Hajar boshchiligidagi delegatsiyamehmon boʻlib turibdi.

Safar doirasida mazkur delegatsiya aʼzolari Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasiga tashrif buyurdi. Mehmonlar dastlab akademiya tarkibidagi Manbalar xazinasini koʻzdan kechirdi. Bu yerda saqlanayotgan nodir qoʻlyozma asarlar, qadimiy qoʻlyozma va toshbosma asarlar Islom taraqqiyot banki delegatsiyasida katta qiziqish uygʻotdi.

Uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Sh.Yovqochev mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy islohotlarni zamon ruhiga hamohang yoʻlga qoʻyish, islom va jahon sivilizatsiyasiga bebaho hissa qoʻshgan ajdodlarimizning boy madaniy merosini chuqur oʻrganish asosida yoshlarning ongu tafakkurini shakllantirish, yosh avlodni zaminimizdan yetishib chiqqan ulugʻ allomalarning boy va betakror merosidan bahramand etish yuzasidan tizimli ishlar olib borilayotganini taʼkidladi. Bu jarayonda “Jaholatga qarshi maʼrifat” ulugʻvor gʻoyasi asosida dinning asl insonparvarlik mohiyatini, ezgulik, tinchlik va insoniylik kabi fazilatlar azaliy qadriyatlarimiz ifodasi ekanligini keng yoritish va bu sohadagi ilmiy-maʼrifiy faoliyatni jadal tashkil etishga ustuvor vazifa sifatida eʼtibor qaratilmoqda.

Tadbir doirasida Islom taraqqiyot banki delegatsiyasining ushbu akademiya talabalari, magistrant, professor-oʻqituvchilari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Xorijlik mehmonlar Islom taraqqiyot banki, uning faoliyati xususida atroflicha maʼlumot berdi. Taʼkidlash joizki, Islom taraqqiyot banki Oʻzbekiston bilan mustahkam aloqalarni rivojlantirib kelmoqda. Islom taraqqiyot bankiga mamlakatimiz 2003 yilda aʼzo boʻlgan. Shundan buyon Oʻzbekiston bilan bank oʻrtasidagi munosabatlar jadal rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, tomonlar ijtimoiy va iqtisodiy yoʻnaltirilgan loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish borasida keng koʻlamli hamkorlik qilayotir. Bu loyihalar qurilish, irrigatsiya, energetika, kommunal xoʻjalik, tibbiyot, taʼlim kabi sohalarni qamrab olgani bilan ahamiyatlidir. Shu bilan birga, mutaxassislar aloqalarni yanada taraqqiy ettirish, yangi bosqichga koʻtarish uchun ulkan salohiyat mavjudligini qayd etmoqda.

– Oʻzbekistonda inson omiliga, yoshlar taʼlim-tarbiyasiga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani diqqatga sazovor, – deydi Islom taraqqiyot banki prezidenti Bandar Hajar. – Bu diyor jahon ilm-faniga, maʼrifati rivojiga munosib hissa qoʻshgan buyuk mutafakkirlar, ulugʻ allomalar vatani. Yoshlar oʻz bobokalonlariga, shu tabarruk yurtga munosib inson boʻlib ulgʻayishi kerak.

Delegatsiya aʼzolari Toshkent viloyatida barpo etilayotgan zamonaviy uy-joylar bilan tanishdi. Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va boshqa muassasalar, tegishli vazirlik va idoralarda boʻldilar. Bu tashrif Oʻzbekiston Respublikasi bilan Islom taraqqiyot banki oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish va yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilishida muhim ahamiyat kasb etadi.

 

N.Usmonova,OʻzA