Oʻzbekiston bilan Qozogʻiston oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Toshkentdagi Xalqaro hamkorlik markazida Oʻzbekiston va Qozogʻiston ayollar biznes-forumi davom etmoqda.
Mazkur forum ikki mamlakat xotin-qizlarining ishbilarmonlik qobiliyatiga munosib baho berish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishda duch kelayotgan muammolarni birgalikda bartaraf etish va bu borada kelgusi rejalarni belgilab olishda katta ahamiyat kasb etmoqda.
Oʻzbekiston va Qozogʻiston ayollari oʻrtasida ilk marotaba tashkil etilgan biznes-forum va qoʻshma kooperatsion birja doirasida Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi va Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ayollar va oilaviy-demografik siyosat ishlari boʻyicha milliy komissiya oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandumda ikki mamlakat ayollarining huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga koʻmak berish, oʻzaro doʻstona aloqalarni mustahkamlash nazarda tutilgan.

 

Dilobar Mamatova, OʻzA