Toshkent davlat pedagogika universiteti Belarus pedagogika universiteti bilan hamkorlik qiladi

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Maksim Tank nomidagi Belarus davlat pedagogika universiteti bilan kadrlar tayyorlash boʻyicha muzokaralar olib bormoqda.
Bu haqda Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirligi matbuot xizmati maʼlum qilmoqda.
18-21-sentabr kunlari Belarus davlat pedagogika universiteti vakillarining universitetga tashrifi rejalashtirilgan. Mazkur tashrif davomida Oʻzbek-Belarus ilmiy markazini tashkil etish va universitetlar hamkorligida qoʻshma fakultet taʼsis etish masalalari koʻrib chiqiladi. Mazkur markazda taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari oʻzaro fikr almashadi, hamkorlikda seminar hamda konferensiyalar tashkil etiladi. Qoʻshma fakultet esa hamkorlikda pedagog kadrlar tayyorlash bilan shugʻullanadi.
Ayni vaqtda logopediya taʼlim yoʻnalishida bakalavr hamda magistrlar tayyorlash boʻyicha dastlabki kelishuvga erishildi. Shuningdek, kelajakda mazkur fakultet faoliyatini kengaytirib, psixologiya hamda maktabgacha taʼlim sohalarida mutaxassis tayyorlash rejalashtirilmoqda.

 

OʻzA