Xalqaro press-klubda “Taʼlim sohasidagi tub islohotlar davrida ijtimoiy masʼuliyat va muammolarning zamonaviy yechimlari” mavzusida navbatdagi sessiya boʻlib oʻtdi.

Xalq taʼlimi vaziri Sh.Shermatov, oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari M.Xolmuhamedov, Respublika Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi oʻrinbosari M.Nurmatova va boshqa soha mutaxassislari mavzu yuzasidan maʼlumot berdi.

Tadbirda uzluksiz taʼlim tizimini yanada takomillashtirish, oʻqituvchilarning sifatli taʼlim berish malakasini oshirish, shu orqali mehnat bozorining zamonaviy talablariga muvofiq barcha sohalarga kadrlar tayyorlashda eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan masalalar muhokama etildi.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustdagi “Davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilarini zamonaviy maktab formasi bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilarining yagona maktab formasida kelishlari ixtiyoriy, 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab esa majburiyligi belgilandi. Mutaxassislar tomonidan umumtaʼlim muassasalariga maktab formasida kelishning afzalliklari, bola organizmiga taʼsiri va shu kabi koʻplab jihatlari xususida fikr bildirildi.

Tadbirda qatnashgan ota-onalar va shifokorlar ham maktab formasining belgilangan standartlarga, sanitariya qoidalari va gigiyena normalariga muvofiq ekanini aytib oʻtdi.

Shuningdek, bugungi kunda poytaxtimizdagi ayrim umumtaʼlim maktablarida oʻquvchilarning darsga kelish holati tasvirlangan suratlar namoyish etildi. Unda koʻchalarda avtotransportning tirbandligiga qaramay, bolalarning eʼtiborsiz harakatlanayotgani aks etgan. Soha xodimlari hududlardagi bu kabi koʻplab muammoli holatlarni tizimli ravishda oʻrganib, zarur choralar koʻrilayotganini maʼlum qildi.

 

A.Musayev, OʻzA