Mamlakatimizga Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay ayollar federatsiyasi vitse-prezidenti Lyu Si boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida Xitoy delegatsiyasi vakillari Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasida boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi T.Norboyeva mamlakatimizda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularga eʼzoz va eʼtibor koʻrsatish, ragʻbatlantirish borasida bir qator davlat dasturlari, ijtimoiy loyihalar hayotga izchil joriy etilayotganini taʼkidladi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2018 yil 2 fevralda qabul qilingan “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmon ayollar manfaatlarini himoyalashda yangi bosqichni boshlab berdi.

Uchrashuv chogʻida xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotdagi ishtirokining huquqiy asoslari va ahamiyati haqida xorijiy mamlakatlar tajribasi, bu borada Oʻzbekistonda tizimli tarzda amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida soʻz yuritildi.

Mamlakatimizdagi yetakchi jamoat tashkiloti sanalgan Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi oilalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni chuqur va atroflicha oʻrganish, mavjud dolzarb masalalarga oʻz vaqtida va tezkor yechim topish, murakkab vaziyatda qolgan ayollarga koʻmaklashish boʻyicha koʻplab amaliy chora-tadbirlarni, maʼrifiy loyihalarni hayotga izchil joriy etmoqda.

– Tashrif davomida yurtingizda xotin-qizlar bilan ishlash boʻyicha tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilganiga guvoh boʻlyapmiz, – deydi Shanxay ayollar federatsiyasi vitse-prezidenti Lyu Si. – “Bir makon, bir yoʻl” xalqaro tashabbusi asosida koʻplab loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Shu jihatdan kelgusida tashkilotlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik yanada kengayishiga shubha yoʻq. Shanxay iqtisodiy, savdo-sotiq markazi boʻlgan yirik shaharlardan sanaladi. Biz Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi vakillari bilan Shanxayda uchrashishni mamnuniyat bilan kutib qolamiz. Bularning barchasi birgalikda turli mavjud dolzarb masalalarga yechim topish imkonini beradi.

Muloqot davomida asosiy eʼtibor xotin-qizlarning iqtisodiy bilimlarini oshirish, ularda tadbirkorlik koʻnikmalarini kuchaytirish boʻyicha xalqaro hamkorlik loyihalariga qaratildi. Kelgusida oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish borasida kelishib olindi.

Tadbirda Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi va Shanxay ayollar federatsiyasi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Tashrif doirasida Shanxay ayollar federatsiyasi delegatsiyasi Toshkent shahar hokimligi, Toshkent viloyati ijtimoiy moslashuv markazi va boshqa tashkilotlarga tashrifbuyurib,oʻzbekistonlik xotin-qizlarga yaratilgan sharoitlar bilan atroflicha tanishdi.

 

Nazokat Usmonova, OʻzA