Oʻzbekistonda AQSHning Markaziy Osiyodagi ilk magistrlik taʼlim loyihasi yoʻlga qoʻyildi

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tashabbusi asosida Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida AQSHning Vebster universiteti bilan hamkorlikda TESL — “Ingliz tilini ikkinchi til sifatida oʻqitish” akademik dasturi boʻyicha bir yillik magistratura yoʻlga qoʻyildi.
 
456e1f32-0c21-457b-9cd7-43248931a496.jpg
Mazkur loyiha AQSHning Markaziy Osiyodagi ilk magistrlik taʼlim loyihasi boʻlib, u Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil may oyidagi AQSHga davlat tashrifi chogʻida ikki mamlakat oʻrtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish toʻgʻrisidagi imzolangan shartnomaga muvofiq amalga oshirilmoqda.
f5a73a8d-db48-fa03-9b93-0dbfcc78d1b6.jpg
Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi rahbariyati hamda Vebster universitetining vitse-prezidenti Piter Maxer ishtirokida hamkorlikda tashkil etilgan magistratura dasturi tantanali ravishda ochildi.
Ilk marotaba yoʻlga qoʻyilgan hamkorlikdagi dasturda ishtirok etish uchun nafaqat Oʻzbekiston, balki Markaziy Osiyoning barcha davlatlaridan hujjat topshirgan talabgorlar orasidan 125 nafari tanlov asosida oʻqishga qabul qilindi.
Bir yillik magistraturada oʻqitish toʻliq Vebster universiteti oʻquv dasturlari asosida amalga oshirilib, mashgʻulotlar Vebster universitetining malakali mutaxassislari bilan bir qatorda OʻzDJTUning maxsus tanlovdan oʻtgan professor-oʻqituvchilari tomonidan olib boriladi.
Dastur doirasida oʻqishlarini muvaffaqiyatli yakunlagan bitiruvchilarga Vebster universitetining magistrlik diplomi beriladi.
Maʼlumot uchun, 2018 yil iyul oyida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Vebster universiteti oʻrtasida imzolangan kelishuvga asosan keyingi yildan Vebster universiteti Oʻzbekistonda toʻlaqonli faoliyat koʻrsatadi.
2019 yil yanvar oyidan boshlab mazkur universitet bilan hamkorlikda Toshkent davlat Iqtisodiyot universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universitetida MBA dasturi boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus 
taʼlim vazirligi matbuot xizmati

 

OʻzA