Kuala-Lumpurda Oʻzbekiston mustaqilligi bayrami nishonlandi

Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligi munosabati bilan Oʻzbekistonning Malayziyadagi elchixonasida yurtdoshlarimiz uchun bayram tadbiri tashkil etildi. 
Unda yetmishdan ortiq kishi, jumladan, Putra, Xalqaro islom, Xalqaro Vestminster, Islom fanlari, Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar va innovatsiyalar universitetlari professor-oʻqituvchilari, talabalar, shuningdek, Malayziyaning “PETRONAS”, “Google Malaysia”, “Data Micron Systems”, “Consolsys” kabi kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Qatnashchilar mazkur tadbir Vatandan olisda bayram kayfiyatini his qilish va ushbu mamlakatda yashayotgan, oʻqiyotgan yurtdoshlarimiz bilan oʻz quvonchlarini baham koʻrish imkonini berganini alohida taʼkidladi. Shu bilan birga, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarni doimiy kuzatib borayotgani, Oʻzbekistondagi ijobiy oʻzgarishlar Malayziyada yurtimiz bilan hamkorlikni kengaytirishga tobora kuchli qiziqish uygʻotayotganini qayd etdi.
Tadbirda taomilga koʻra, osh tortildi. Fayzli dasturxon atrofidagi suhbat qatnashchilarga katta xursandlik bagʻishladi.

 

OʻzA