Eng yaxshi anʻana va innovatsiyalar namoyishi

Joriy yilning 5-7 sentyabr kunlari poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar majmuida “UzTextile Expo 2018” birinchi tekstil va moda sanoati va “Toʻqimachilik uskunalari va texnologiyalari – CAITME 2018” oʻn ikkinchi Markaziy Osiyo xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtadi.

Poytaxtimizdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida tashkil etilgan matbuot anjumani ushbu xalqaro koʻrgazmalarning oʻtkazilishi va ahamiyatiga bagʻishlandi.

“Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi boshqaruvi kengashi aʻzosi J.Rustambekov, “Iteca Exhibitions” xalqaro koʻrgazmalar kompaniyasi bosh direktori N.Hasanova va boshqalar mamlakatimiz toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sohasini rivojlantirishga qaratilayotgan eʻtibor shu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga koʻtarib, bunda tizimga eng yangi texnologiyalarni jalb qilish, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalash va oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga keng imkoniyatlar ochilayotganini taʻkidladi.

“Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi tizimidagi Toʻqimachilik mahsulotlari reklamasi va marketingi agentligi hamda “Iteca Exhibitions” xalqaro koʻrgazmalar kompaniyasi hamkorligida tashkil etilayotgan mazkur koʻrgazmalar toʻqimachilik sohasidagi ishlab chiqarishning barcha bosqichlarini, yaʻni ip tolalaridan tortib, tayyor mahsulotgacha boʻlgan jarayonlarni oʻz ichiga qamrab olgan.

“UzTextile Expo 2018” birinchi tekstil va moda sanoati xalqaro koʻrgazmasida Oʻzbekiston, Belarus, Latviya, Tojikiston, Turkiya, Xitoy, Shveysariya, Hindiston davlatlaridan 103 kompaniya va firmalarning ishtiroki kutilmoqda. Jumladan, unda mamlakatimizdagi toʻqimachilik jihozlari, tikuv-trikotaj mahsulotlari, ekologik toza xomashyodan erkak, ayol va bolalar kiyimlarini ishlab chiqarish, xomashyo yetishtirishga ixtisoslashgan 70 ga yaqin yetakchi, kichik va oʻrta biznes vakillari xorijlik hamkorlarga oʻz salohiyati va tajribalarini namoyish etish imkoniga ega boʻladi.

Mamlakatimizda 2017 yil boshida 293 ta eksportchi korxona mavjud boʻlgan boʻlsa, yil oxirida ularning soni 350 taga yetdi. Xorijiy davlatlarda tashkil etilgan 64 ta savdo uyi faoliyati tufayli yurtimizning eksport koʻrsatkichlari sezilarli darajada ortgani eʻtiborlidir.

– “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi tizimidagi Toʻqimachilik mahsulotlari reklamasi va marketingi agentligi hamda “Iteca Exhibitions” xalqaro koʻrgazmalar kompaniyasi oʻrtasida yangi “UzTextile Expo” koʻrgazmalar loyihasini tashkil etish boʻyicha imzolangan memorandumga muvofiq, ushbu ikki koʻrgazma uygʻunlashtirilgan holda tashkil etilmoqda, – dedi “Iteca Exhibitions” xalqaro koʻrgazmalar kompaniyasi marketing menejeri Bahrom Toʻychiyev. – Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport imkoniyatlarini kengaytirishga koʻmaklashish maqsadida koʻrgazma doirasida maxsus bayer dasturi (Special Buyer Program) amalga oshirilmoqda. Oʻtgan yillar mobaynida mazkur dasturga asosan Rossiya, Ukraina, Belarus, Qozogʻiston, Turkiya kabi qator davlatlardan 500 dan ortiq yirik bayerlar ishtirok etdi. Bu yil ham dastur boʻyicha koʻplab xorijiy ulgurji va chakana savdo tarmoqlari vakillari hamda ishlab chiqaruvchilar buyurtmalar qabul qilish uchun Oʻzbekistonga kelishi kutilmoqda. Shuningdek, uchrashuv va muloqotlar, modalar va sanoat kolleksiyalari namoyishi hamda oʻzaro anglashuv memorandumlari va boshqa hujjatlar imzolanishi ham koʻzda tutilgan. Yana bir eʻtiborli jihati, koʻrgazmaga qiziquvchilar onlayn tarzda roʻyxatdan oʻtishi va elektron beyjga ega boʻlib, shu beyj bilan koʻrgazma pavilonlariga kirishi mumkin.

“Toʻqimachilik uskunalari va texnologiyalari – CAITME 2018” oʻn ikkinchi Markaziy Osiyo xalqaro koʻrgazmasi toʻqimachilik uskunalari boʻyicha MDH hududidagi eng yirik koʻrgazma hisoblanadi. Bu yilgi koʻrgazma qatnashchilarining 15 foizi mahalliy, 85 foizi xorijiy kompaniyalar vakillaridir. Xususan, u Oʻzbekiston, Avstriya, AQSH, Belgiya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Qozogʻiston, Niderlandiya, Koreya Respublikasi, Rossiya, Turkiya, Fransiya, Xitoy, Chexiya, Shvetsiya, Shveysariya, Yaponiya, Hindiston kabi davlatlardan 372 kompaniya va firmalarni qamrab oladi. Ularning 20 foizdan ortigʻi ilk ishtirokchilardir.

Koʻrgazma doirasida xalqaro konferensiya ham tashkil etiladi.

 

Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA