Fransiya poytaxtidagi UNESCOning shtab kvartirasida Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asarining 950 yilligiga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazildi.

Anjuman doirasida turkiy dunyoning boy merosi va intellektual an’analari ramzi bo‘lgan mazkur asarning ozarbayjon tiliga tarjimasi taqdim etildi.

Yig‘inda turkiy davlatlarning Fransiyada akkreditatsiyadan o‘tgan elchilari, UNESCO ishlari bo‘yicha milliy komissiyalar bosh kotiblari va turkiy davlatlarning UNESCOdagi doimiy vakillari, shuningdek, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Turkmaniston, Vengriya va boshqa davlatlarning taniqli olimlari ishtirok etdi.

E’tiborli jihati, tadbirda Istanbuldagi Ali Amiriy Afandi kutubxonasida saqlanayotgan “Devonu lug‘otit turk”ning asl nusxasidan ko‘chirilgan maxsus tayyorlangan nusxasi taqdim etildi.

Konferensiyadan ko‘zlangan maqsad, Mahmud Koshg‘ariy tomonidan XI asrda yaratilgan ushbu monumental asarning ahamiyatini o‘rganish, uning zamonaviy davrdagi dolzarbligini ta’kidlash va bu merosni kelajak avlodlar uchun asrab-avaylash borasida yangi tashabbuslarni ilgari surishdan iboratdir.

Tadbirni Turk madaniyati va merosi jamg‘armasi rahbari Oqto‘ti Raimqulova ochar ekan, 2024–2025 yillarda “Devonu lug‘otit turk”ning 950 yilligini UNESCO doirasida nishonlash muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, u ushbu asarning tarixiy ahamiyati va zamonaviy davrda madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishdagi roli haqida so‘z yuritdi.

Mahmud Qoshg‘ariy tomonidan tuzilgan bu asar shunchaki lug‘at emas, balki turkiy tillar boyligi, turkiy an’analar hikmati va turkiy madaniyatning jo‘shqinligini aks ettiruvchi ensiklopediya sifatida ta’riflanadi.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, XІ asrning atoqli olimi va mutafakkiri Mahmud Qoshg‘ariyning mazkur asari bundan 950 yil avval yozilgan. Asar turkiy yozuvning “O‘rxun yodgorliklari”dan keyin saqlanib qolingan ikkinchi muhim yodgorlik hisoblanadi. Kitob ilk bor arab tilidan ozarbayjon tiliga mashhur ozarbayjon tilshunosi va turkologi Xolid Said Xo‘jayev tomonidan tarjima qilingan. Keyinchalik u qatag‘on qilingan va uning barcha asarlari yo‘q qilinadi. Bundan atigi 3 yil avval Ozarbayjon Milliy Fanlar Akademiyasi Nasimiy nomidagi Tilshunoslik instituti direktori Nodir Mammadli arxiv materiallari orasida kitobning Said Xo‘jayev tarjimasi bo‘yicha ishchi yozuvlarini topdi. Va shu paytdan boshlab Nodir Mammadli boshchiligidagi bir guruh olimlar qo‘lyozmani ochish ustida mashaqqatli ish boshladilar.

Ta’kidlash joizki, “Devonu lug‘otit turk” qomusiy asari turkiy tilning boy lug‘at boyligi va sivilizatsiya hayotining benazir osori-atiqalari orqali madaniyatning monumental go‘zalligini namoyish etadi. Shuningdek, turkiy xalqlar qabilalari va Turkiston geografiyasi bilan tanishtiruvchi, turkiy mifologiyasi, xalq og‘zaki ijodi, turkiy jamiyatning kundalik hayoti va urf-odatlari haqida noyob bilimlar beruvchi ensiklopediyadir.

Lug‘atda 9000 dan ortiq turkiy so‘zlarning arabcha ekvivalentlari mavjud. So‘zlarni izohlashda qo‘llanilgan she’r, maqol va nasr namunalari bu kitobga qomusiy xususiyat bag‘ishlaydi.

UNESCO Bosh direktorining Afrikadagi ustuvor masalalari va tashqi aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Firmin Eduard Matokoning so‘zlariga ko‘ra, “Devonu lug‘otit turk” asarining 950 yilligini nishonlash nafaqat turkiy dunyo uchun katta ahamiyatga ega, balki jahon madaniy merosi uchun ham muhim voqeadir.

Go‘zal Sattorova,

O‘zA